Baxtmi yoki baxtsizlikmi?

Xitoylik qariya fermer o‘z fermasida ot boqardi. Bir kuni uning otlaridan biri qochib ketdi. Fermerning yon qo‘shnisi esa unga tasalli berib, bu holga baxtsizlik deb ta’rif berdi.
Qariya fermer unga:
"Baxtmi yoki baxtsizlikmi? Kim biladi deysiz?”, - deb qo‘ydi.
Bir haftadan so‘ng, qochib ketgan ot orqasidan bir qancha otlarni ergashtirib keldi. Yon qo‘shnisi bu safar "Baxtingiz bor ekan, qo‘shni”, desa qariya unga yana "Baxtmi yoki baxtsizlikmi? Kim biladi deysiz?”, deya javob berdi.
Keyin fermerning o‘g‘li yovvoyi otlardan birini minmoqchi bo‘lganida yiqilib tushib, oyog‘i sinib qoldi. Endi bu holga mahalla ahli "baxtsizlik” deb baho berdi. Qariyaning javobi esa odatdagiday bo‘ldi:
"Baxtmi yoki baxtsizlikmi? Kim biladi deysiz?”...
Bir necha haftadan so‘ng, harbiy kuchlar qishloqqa kelib, xizmatga yaroqli barcha yoshlarni to‘plab, urushga olib keta boshlashdi. Ular fermerning o‘g‘lini ko‘rgach: "Buning oyog‘i cho‘loq ekan, bu bizga yaramaydi”, deb qoldirib ketishdi.
Mahalladagilar fermerning o‘g‘lini cho‘loq holda ko‘rishgach, o‘zlari ham bu narsa baxtmi yoki baxtsizlikmi deb o‘ylab qolishdi.