Bayden Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi protokollarni imzoladi

Imzolash marosimi Oq uyda bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbaridan tashqari vitse-prezident Kamala Xarris ham ishtirok etdi.

"Men qolgan ittifoqchilarni o‘z ratifikatsiya tartiblarini imkon qadar tezroq yakunlashga chaqiraman. Shvetsiya va Finlandiyada kuchli demokratik institutlar, kuchli armiya, kuchli va shaffof iqtisodiyot mavjud. Ular NATOga a’zo bo‘lish uchun barcha mezonlarga javob beradi. Ishonchimiz komilki, ular bu jarayonda amerikaliklar xavfsizligini oshiruvchi ittifoqni mustahkamlaydi”, dedi Oq uy rahbari.

Qo‘shma Shtatlar shimoliy mamlakatlarning ittifoqqa kirishini ratifikatsiya qilgan 30 ta davlatdan 23-si bo‘ldi. Seshanba kuni holatida Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Slovakiya, Turkiya, Chexiya va Vengriya arizani ratifikatsiya qilmagan.

18 may kuni Finlandiya va Shvetsiya NATO kotibiyatiga alyansga kirish uchun ariza topshirdi. Anqara dastlab ularni ko‘rib chiqish jarayoni boshlanishiga to‘sqinlik qildi, biroq 29 iyun kuni Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya rasmiylari barcha xavotirlarini inobatga olgan xavfsizlik memorandumini imzolashdi.

Avvalroq AQSh Senati Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishini ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.