Bayden: Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh qo‘shinlari Sharqiy NATO mamlakatlariga yuboriladi

AQSh rahbariyati Rossiya “bosqin”i bo‘lgan taqdirda Ukrainaga Amerika qo‘shinlarini yuborish haqida hech qachon o‘ylamagan. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden bayonot berdi. Uning so‘zlaridan “TASS” iqtibos keltirmoqda.

“Bunday rejalar hech qachon bo‘lmagan”, dedi Oq uy rahbari jurnalistning AQSh bunday g‘oyadan voz kechish-kechmasligi haqidagi savoliga javob berar ekan.

Baydenning qayd etishicha, Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda Rossiya iqtisodiy oqibatlarga duch keladi. Shu bilan birga u, Rossiya tufayli vaziyat keskinlashgan taqdirda AQSh va NATOda Ukrainani himoya qilish uchun harbiy kuch ishlatish majburiyati yo‘qligini ta’kidladi.

Amerika yetakchisi, shuningdek, Ukraina mudofaasi uchun Amerika qo‘shinlaridan bir tomonlama foydalanish imkoniyati kun tartibida yo‘qligini aytdi. Baydenning tushuntirishicha, agar Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirsa, Qo‘shma Shtatlar Sharqiy Yevropadagi NATO mamlakatlari (Bolgariya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Estoniya)ga qo‘shinlarini joylashtiradi.

"Biz ko‘proq sharqiy qanotga AQSh va NATO qo‘shinlarini yuborishimiz mumkin. Bu Rossiyaning har qanday hujumidan himoya qilish uchun muqaddas majburiyatimiz bo‘lgan barcha B9 - NATO mamlakatlaridir", dedi Bayden.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Moskvaning Ukraina hududiga bostirib kirish niyati yo‘qligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Kiyevning Turkiya tomonidan yetkazib berilgan dronlardan jangovar foydalanishi, shuningdek, “Amerika qurollari hududga tobora yaqinlashayotgani”da Moskva muammo ko‘rayotganiga e’tibor qaratdi.