Bayram kunlari svetingiz o‘chmaydi
Shu yil 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.
- Shu paytgacha viloyatimizga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining kunlik rejasi 15500,0 ming kVt/soatni tashkil qilar edi. Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng viloyatimizga elektr energiyasining kunlik rejasi 19500,0 ming kVt/soatga ko‘paytirildi, - deydi “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori G‘anisher Mamatqulov. – Shundan kelib chiqib, filialimizda zarur rejalar belgilab olindi. Avvalo, tuman va shaharlardagi elektr ta’minoti eng og‘ir bo‘lgan mahallalar o‘rganildi va qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu chora-tadbirlar asosida 8 ta nimstansiya, 77 ta transformator punkti va 42,3 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli hamda 106,6 kilometr uzunlikda past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.
Iste’molchilarni uzluksiz elektr bilan ta’minlash maqsadida joylarda 25 ta tarmoq transformatorlari, 16,5 tonna transformator moyi, 4,5 kilometr turli o‘lchamdagi sim, 6,2 kilometr kabel mahsulotlari hamda 250 dona kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi.
Bundan tashqari, quvvati 35-110 kV bo‘lgan nimstansiyalarda 8 ta yangi kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada 75,6 megavatt qo‘shimcha quvvat zaxirasi yaratilib, 293 mahallada 127,1 ming aholi iste’molchilarining elektr energiyasi sifati oshirildi.
Bugungi kunda viloyatimizning barcha shahar va tumanlari markazlariga “Yangi yil archasi” o‘rnatilgan. Aholiga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida tashkil etilgan bu joylarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash va elektr energiyasi bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish maqsadida 2020 yil 25 dekabrdan 2021 yil 5 yanvariga qadar navbatchilik tashkil etildi.
Shuni ham bilib qo‘yish lozimki, viloyatimiz iste’molchilariga elektr energiyasi Navoiy, Sirdaryo va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyalaridan hududlardagi 138 ta yuqori kuchlanishga ega nimstansiyalar va 10585 ta past kuchlanishli transformator punktlari orqali yetkaziladi. Ayrim joylarda elektr energiyasida bo‘layotgan uzilishlarga sabab viloyatimizdagi elektr uskunalarning 41,4 foizi ma’nan va jismonan eskirganida. Bular elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari, yuqori kuchlanishga ega nimstansiyalar bo‘lib, ulardan 40-42 yildan buyon foydalanib kelinmoqda. Lekin aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash va kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida viloyat bo‘yicha 24 ta avariyaviy chiqish mashinalari bilan ta’minlangan tezkor chiquvchi brigadasi tashkil qilganmiz. Ular muntazam ishlab turibdi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha 76 ta ekspluatatsion ta’mirlovchi brigada tashkil etilgan.
Aholiga shuni ma’lum qilmoqchimanki, bayram kunlari, umuman, qish mavsumida svetingiz o‘chmaydi. Buning uchun xodimlarimiz doim xizmatga shay. Siz ham nimstansiyalarning ortiqcha kuchlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun elektr energiyasini tejasangiz ayni muddao bo‘ladi.
Akram BO‘RIYeV yozib oldi.