Bayram yangi bog‘da nishonlandi
Samarqandda Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari shaharning Qorasuv massivida yangidan bunyod etilgan Yangi O‘zbekiston bog‘ida nishonlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari barpo etilmoqda. Samarqandda mazkur bog‘ uchun keyingi yillarda yangi aholi yashash maskani sifatida ko‘p qavatli turar joylar va ijtimoiy soha ob’yektlari qurilgan Qorasuv massivi tanlandi. Qoradaryo bo‘yidagi 50 gektar maydon obod qilinib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 9 ming tupdan ortiq manzarali va butasimon daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ushbu daraxt, gul va maysalar purkatish va tomchilatish tizimi orqali sug‘orilmoqda. Shuningdek, bog‘da aholining maroqli hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Veloyo‘lak, sport maydonchalari tashkil etildi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Bog‘dagi sahna bugun bayram ruhiga mos bezatilib, fusunkor ko‘rinish hosil qildi.
Tantana ishtirokchilarini Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tabrikladi.
- Bu yilgi bayramning asosiy mohiyati inson qadr-qimmatini ulug‘lashdir, - dedi E.Turdimov. – Ushbu yo‘nalishda viloyatimizda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini yaratish maqsadida birgina joriy yilda 10 ming 243 xonadonli 203 ta ko‘pqavatli uy bunyod etilmoqda. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 172 ta suv inshooti qurildi, 1045 kilometr tarmoq tortildi. Buning natijasida 160 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda, 90 ming nafarga yaqin aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Umuman, 2023 yilda viloyatdagi mingdan ziyod ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 158 ta umumta’lim maktabi, 54 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 41 ta tibbiyot muassasasi, 14 ta jismoniy tarbiya va sport muassasalari, 6 ta oliy ta’lim muassasalarini rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 1000 kilometrdan ortiq yo‘llar ta’mirlandi. Samarqand shahrida aholi va mehmonlar uchun qulay infratuzilma yaratish maqsadida 2 ta tunnel, 2 ta ko‘prik va 11,5 kilometr yo‘l, 8 ta ichimlik suvi inshooti qurishga kirishildi. Aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi ishlar viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
Shundan so‘ng “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida badiiy-madaniy dastur namoyish etildi.
Bayram tadbirlari doirasida yangi bog‘da kun davomida yoshlar sayli, oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi, hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari, sport o‘yinlari va musobaqalar o‘tkazildi.