Begona taqdir

Janna va umr yo‘ldoshining uzoq vaqt farzandlari bo‘lmagan edi. Ular ko‘p yillar tirnoqqa zor yashashdi. Yoshi qirqqa borganda tangriga iltijolari ijobat bo‘ldi: qiz farzand ko‘rishdi, ismini Ulyana deb qo‘yishdi. Baxtiyor ota-ona quvonchining cheki yo‘q edi. Bir necha yil Janna baxt og‘ushida gul-gul yashnab yashadi. Dugonalari, tanishlariga baxtiyorligini so‘zlab charchamasdi. Oradan ko‘p o‘tmay, u g‘amgin bo‘lib qoldi, gurunglarda iloji boricha avvalgidek qizalog‘i haqida og‘zidan bol tomib so‘zlashdan o‘zini tiyardi.
Gap shundaki, Janna va eri qizalog‘i uch yoshga to‘lganida undagi g‘alati holatlarni seza boshlashdi. Kutilmganda Ulyana ota-onasini “xola va amaki” deya atay boshladi. «Mening ota-onam boshqa, ismim ham Ulyana emas, Anna», dedi u bir kun. Ota-ona buni hazilga yo‘yib, avvaliga e’tibor berishmadi.
Vaqt o‘tib, Ulyanananing boshqa kishilarning farzandi ekanligi haqidagi davosi yangi tafsilotar bilan boyib borardi. Masalan, u eri va ikkita iti borligini gapirardi. Hatto ularning laqabi Alma va King ekanligini ta’kidlardi. Qizaloq uyining qayerda joylashgani, tevarak-atrofini, oila turmushini batafsil tasvirlab berardi.
Ko‘p o‘tmay, Jannani dahshatga solgan yana bir holat ayon bo‘ldi. Sayr chog‘ida Ulyana yugurib borib, sigaret qoldig‘ini olib, labiga qistirdi. Onasi tashla, iflos deb tanbeh berganida Ulyana ilgaridan chekishini aytdi. Oradan vaqt o‘tib, Ulyana o‘zi yashayotgan qishloqning nomini ham aytdi. Janna internetda haqiqatdan o‘zlaridan uch-to‘rt soatlik yo‘l narida shunday qishloq borligini aniqladi. Buning ustiga Ulyana kuchuklarisiz zerikayotganini aytib yig‘lardi.
2015 yil kuzda Janna eri bilan Ulyana aytgan qishloqqa borishdi. Qizaloq uyni darhol tanidi va ichkariga otildi. Ularni qattiq vovullab, junlari paxmaygan bahaybat it qarshi oldi.
- Alma, Alma! Qalaysan? - it Ulyanani tanib xurishdan to‘xtadi va dumini silkitib qizaloqqa erkalandi. Uy eshigiga osilgan qulf zanglagan, hovlida anchadan buyon hech kim yashamaganligi ko‘rinib turardi. Shovqinni eshitib, qo‘shni kampir chiqib keldi va kim kerakligini so‘radi.
Kampir itning egasi Anna ichkilikka mukkasidan ketib, axloqsiz hayot kechirgani, ichib eri bilan har kuni janjallashgani, oxir-oqibat janjal Annani jinnixonaga, erini panjara ortiga tushishi bilan yakun topganini so‘zlab berdi. Egasiz qolgan itlarni hech kim olmadi. Ko‘p o‘tmay King o‘libdi, Alma yolg‘iz qolibdi. Ulyana kuchukdan ajralgisi kelmas, Almasiz hech qayerga bormasligini aytib turib oldi. Janna bilan eri itni ham olib ketishdan boshqa chora topishmadi. Bo‘lib o‘tgan voqea Jannani qattiq iztirobga soldi. U Ulyanani jonidan ortiq yaxshi ko‘rar, biroq qizi unga emas boshqaga tegishli ekanligi qalbini ezardi. Ulyana 14 yoshga to‘lganda ismini Anna deb o‘zgartishini bildirdi.
“Planeta chudes”dan T.Shomurodov tarjimasi.