Behbudiyning armoni

Har qanday millatning buguni va istiqbolini uning o‘tmishidan, tarixidan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois o‘tgan asr avvalida millatning ma’rifatparvar siymolari, xususan, Turkiston jadidlarining rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy tarixni o‘rganish, undan saboq olish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. “Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni qul – marquq derlar”, deb yozgan edi Behbudiy maqolalaridan birida.

“Oyna” jurnalining 1914 yil 38-sonida Behbudiyning “Turkiston tarixi kerak” degan maqolasi e’lon qilinadi. Unda quyidagilarni o‘qiymiz: “Tarix ko‘p ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki millatning ne sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz bo‘lub ketganin o‘qub, mundan ham istifoda etmak mumkindur”.

Behbudiyning tarixni o‘rganish ahamiyati haqidagi bu xulosasi hazrat Navoiyning quyidagi o‘gitlarini esga soladi:

Va gar tarix sori aylagung mayl,

Muni bilgachki, ne ish qildi har xayl.

Ne ishdin mamlakat obod bo‘ldi,

Qayu ishdin ulus barbod bo‘ldi.

Demak, Navoiydan Behbudiygacha o‘tgan qariyb to‘rt yuz yildan ziyod vaqt mobaynida ham tarixni o‘rganish, undan saboq olishning ahamiyati to‘g‘risidagi qarashlar mohiyatan o‘zgarmagan. Har ikki mutafakkir bugungi zamon kishilariga tarixni qaysi mezonlar asosida o‘rganish yuzasidan aniq va zamonlar o‘tsa ham eskirmaydigan tavsiyalarni beryapti.

Xo‘sh, hozir-chi? Ayni kezda bu borada mezon o‘zgarganmi? Bugun tarixga, ajdodlar kechmishini o‘rganishga bo‘lgan e’tiborning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, haqqoniy tariximizni tiklash masalasi bilan bevosita mamlakat rahbarining o‘zi qiziqayotgani Vatan va millat taraqqiysi yo‘lida tarixdan foydalanishga bo‘lgan intilish natijasi sifatida baholanmog‘i kerak.

“Turkiston tarixi kerak” maqolasida Behbudiy mana bunday yozgan edi: “...bizning o‘z shevamizda Turkistonda o‘tgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvolig‘a doir “Turkiston tarixi” bor bo‘lgonda, oni ko‘z oldimizda qo‘yub, burung‘i qahramon bobolarimizning na yo‘l ila taraqqiy va madaniyat davrig‘a kirub va nima sababdan oxiri munqariz bo‘lub ketganlarini o‘qub, bilub, xeyli ibrat olar eduk. O‘shandoq hozirgi holimizni bobolarimiz davridagi hollarg‘a bir daraja muqoyasa etmak ila barobar o‘z-o‘zimizdan bir infioli daruniy (ichki hayajon) his edub, yuzlarimiz qizarar edi. Holo, biz turkistoniylar marhum bobolarimiz ahvoli ham Turkiston voqeoti tarixiyasidan butun g‘ofil va bexabardurmiz”.

Ma’lumki, Behbudiyga qadar juda ko‘p tarixiy asarlar bitilgan. Ko‘plab muarrixlar Turkiston tarixining eng qadimgi davridan to o‘z zamonlarigacha bo‘lgan voqealarni xronologik tarzda yozib qoldirganlar. Xo‘sh, unda Behbudiy nima sababdan Turkiston tarixi yaratilmagan, degan fikrni ilgari surmoqda?

Allomaning o‘zi bunga quyidagicha izoh beradi: “Chunki hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilgan, tartibli va istifodali mukammal bir asar vujudg‘a kelgani yo‘q. To‘g‘risi, munday tarix yozuvchi kishi turk o‘g‘lonlaridan hanuz maydonga chiqg‘oni yo‘qki, bu esa turk bolalarining noxalaf bo‘lub, chin o‘g‘ul emasliklarig‘a dalildur. Bu so‘zlardan tarixsizligimiz anglashilmasun. Bizning tariximiz bor!”

Demak, Behbudiy zamon talablari darajasida, “yangi tadqiqot ila yozilgon”, mukammal “Turkiston tarixi”ni orzu qilmoqda. Uning fikricha, ruslar va boshqa ovrupoyilar foydalanayotgan Turkiston tarixiga bag‘ishlab burungi asrlarda yozilgan turkiy, forsiy va arabiy tillardagi kitoblar “muxtalif tillarda yozilgan”. Ya’ni, ularda bir hodisa turlicha talqin etilgan, bir-biriga zid, qarama-qarshi fikrlar ko‘p. Behbudiy ana shu farqli jihatlar tadqiq etilgan mukammal tarixni yaratish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Bu juda dolzarb muammo edi. Binobarin, Behbudiyning fikricha, haqqoniy tarixdan xabardor bo‘lmasdan turib, hech bir millat o‘z ahvolini tahqiq eta olmaydi. O‘z tarixidan g‘ofil va bexabar millat esa taraqqiyotdan ortda qolishi aniq.

Afsuski, Behbudiyning bu orzusi amalga oshmadi, armon bo‘lib qoldi. Millatning fidoyi farzandlari qatori allomaning o‘zini-da mahv etgan totalitar tuzum millatni tarixidan, ajdodlari kechmishidan imkon qadar uzoqlashtirish siyosatini olib bordi. Shuning uchun ham bugungi mustaqillik davrida tarixni o‘rganish, undan saboq olish masalasi yana kun tartibiga qo‘yildi.

Jamoatchilikka ayonki, tarixchilarimiz uch jilddan iborat “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozib nashr ettirgan. Bu katta yutuq ekani shubhasiz. Lekin bu o‘z nomi bilan yangi tarix. Millatimizning eng qadimgi zamondan XXI asrgacha bo‘lgan kechmishi bo‘yicha ham aniq ilmiy konsepsiyaga asoslangan ko‘pjildli tarixi yaratilishi galdagi vazifalardandir. Binobarin, millatning har bir farzandi uning haqqoniy tarixini anglashi, o‘tmish voqeligidan ibrat ola bilishi zarur. Shundagina ular voqelikka teran nigoh bilan qarashni o‘rganadi. Faqat shu holdagina Vatan va Millat sha’nini munosib himoya qila oladigan avlod yetishib chiqmog‘i mumkin.

Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor.