Bekatlar egasiz qoldimi?
«Samarqand temir yo‘l vokzali - Siyob bozori» yo‘nalishida qatnovchi tramvaylar Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida yo‘losti tunneli qurilishi bo‘layotgani sabab vaqtincha to‘xtatilgandi.
Oqibatda Siyob bozori yaqinidagi tramvay bekati hech kimga kerak bo‘lmay qoldi shekilli qarovsiz holga kelgan. Katta oynalari singan, bekat ichkarisida chiqindilar sochilib yotibdi, o‘rindiqlar yo‘q.
Siyob bozoridan Dahbed ko‘chasiga chiquvchi yo‘lning kengaytirilishi bois harakat cheklangan. Shu sababli bu yerdan Samarqand shahar markaziga qatnovchi avtobuslar harakati Siyob bozori yuqori yo‘li orqali Imom Buxoriy ko‘chasidan amalga oshirilmoqda. Oqibatda bu yerdagi avtobus bekatidan yo‘lovchilar foydalanmayapti hisob. Bu esa ayrim olg‘irlarga qo‘l kelgan ko‘rinadi: o‘rindiq uchun qo‘yilgan taxtalar o‘g‘irlab ketilgan.
G‘arib holga kelgan bekatlar hademay yo‘llardagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangach, yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘ladi. Unda bu bekatlarga yana falon million so‘m mablag‘ ajratilib, ta’mirlanadimi?...