Bektemir hech narsa yo‘qotmaydi, uning professional boksdagi janglari davom etadi
Aksariyat ijtimoiy tarmoqlarda bokschi Bektemir Meliqo‘ziyevga 4 yillik taqiq qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabar mazmunini ko‘pchilik o‘quvchilar noto‘g‘ri talqin qilishmoqda.
Iqtidorli bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev bilan 2018 yilda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan edi. Davolanish jarayonida qabul qilgan dori-darmonlarida taqiqlangan modda aniqlangan. Shu o‘rinda muxlislar bir narsani tushunishlari kerak. Oddiy bosh og‘riqni qoldiradigan «Paratsetamol» tabletkasi ham sportchilar uchun taqiqlangan moddaga ega. Va aynan o‘sha 2018 yilgi jarrohlikdan so‘ng B.Meliqo‘ziyevning tanasida "furasemid" moddasi topilganligi sababli u 2020 yil 27 fevralga qadar diskvalifikatsiya qilingan edi.
Mazkur xabardan so‘ng ko‘pchilikda Bektemir yana taqiqlangan modda iste’mol qilgan, degan tasavvur paydo bo‘lgan. Aslida unday emas. Bokschimizga qo‘yilgan taqiq 2020 yil 9 avgust kungi tekshiruv xulosasidan so‘ng olib tashlangan edi. Biroq 2019 yildagi nazorat sinovi topshirmagani va bu holat taqiq davriga to‘g‘ri kelgani sababli o‘sha muddat yana ikki marta ko‘paygan holda 4 yil qo‘shilgan. Bu esa doping iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan holat hisoblanadi.
Qolaversa, ushbu taqiq faqatgina AIBA, ya’ni havaskorlar boks uyushmasi tomonidan qo‘yilgan. Buni professional boksga umuman aloqasi yo‘q. Shuningdek, xabarda uning 2020 yildan boshlab barcha natijalari va medallari bekor qilinadi, deyilgan. Lekin bokschi 2020 yilda havaskor boksda hech qanday musobaqalarda ishtirok etmagan. Demak, unda bekor qilinadigan natijayu medalning o‘zi yo‘q. Bektemir erishgan yutuqlar Olimpiada, Osiyo va Jahon chempionati medallari uning o‘zida qoladi.
Professional boksda esa bokschilar har bir jang oldidan doping tekshiruvidan o‘tadi. Bektemir hozirga qadar 7 ta jang o‘tkazgan. Bu u 7 marta doping tekshiruvidan toza o‘tgan deganidir. Ya’ni, mazkur taqiq B.Meliqo‘ziyevning professional boksdagi faoliyatiga hech qanday salbiy ta’sir qilmaydi.
Dilmurod To‘xtayev.