Belarus: voqealar rivoji qanday davom etmoqda?

18 avgust kuni kechqurun Minsk shahrining markazida joylashgan Mustaqillik maydonida muholifatchilarning navbatdagi namoyishi bo‘lib o‘tdi. Tungi soat 23:00 (01:00 Toshkent vaqti)lar atrofida namoyishchilar tarqaldi.
AQSh va Estoniya tashabbusi bilan BMTning xavfsizlik kengashi Belarusdagi vaziyatni dunyo va Yevropa xavfsizligiga ta’siri masalasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda 18 avgust kuni Estoniya TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu, namoyishchilarga nisbatan Belarus hukumati tomonidan ortiqcha kuch ishlatilayotganligi xavotirli holat ekanligini bildirdi. U BMT xavfsizlik kengashini zo‘ravonlik qo‘llaniladigan ziddiyatlarni oldini olishga chaqirdi.
18 avgust kuni Belarusning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab, tarafdorlari tomonidan Gomele shahrida namoyish o‘tkazildi.
Tashkillashtirilgan sahnada tashkilotlar rahbarlari nutq so‘zladi, vatanparvarlik haqida sherlar o‘qildi, mamlakat rahbari faoliyati sarhisob qilindi. Namoyish yakunida ishtirokchilar chiroqlar yoqib Belarus madhiyasini kuyladilar va “Mangu olov” tomon yo‘l oldilar. Yurish vaqtida mamlakatning o‘lkan bayrog‘i yoyildi, ishtirokchilar “Mangu olov” yoniga gulchambarlar qo‘yib tarqaldilar.
***
Xitoy hukumati Belarusning ichki muammolariga tashqi kuchlarning aralashuvi oqibatida jamiyat orasida bo‘linish va parokandalik olib kelinishiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda 19 avgust XXR TIV vakili Chjao Litszyan xabar berdi.
“Xitoy va Belarusni umumiy strategik hamkorlik bog‘lab turadi, biz bir-birimizga ishonamiz va hamjixatlikda yutuqli hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz. Biz Belarus xalqi tanlagan rivojlanish yo‘lini hurmat qilamiz, shuningdek, ularning milliy mustaqilligi, xavfsizligi va rivojlanishi yo‘lidagi xarakatlarini hurmat qilamiz”, - ta’kidladi Litszyan.
***
Avstriya kansleri Sebastyan Kurs Belarusda yangi, haqqoniy saylovlar o‘tkazilishi zarur ekanini ta’kidladi.
“Erkin va haqqoniy o‘tadigan yangi saylovlar zarur”, - ta’kidladi kansler Belarusdagi vaziyat masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan YeI sammitida.
***
19 avgust kuni bir qator sportchi va sport sohasi vakillari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga ochiq xat bilan murojaat qildilar. Ular agar bir qator talablar bajarilmasa, mamlakat terma jamoasi tarkibida qatnashmasliklarini ma’lum qildilar.
“Ko‘plab qalbakilashtirish va saylov komissiyalariga bosim o‘tkazish holatlari sababli, 2020 yil 9 avgust kuni Belarus Respublikasi prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylov natijalarini haqqoniy emas deb tan olish”, deyiladi “Pressbol” saytida e’lon qilingan ochiq xatda.
***
Aleksandr Lukashenkoning prezidentlik uchun o‘tkazilgan saylovlardagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya 19 avgust kuni Yevropa kengashiga murojaatnoma yo‘lladi.
U Yevropa mamlakatlari yetakchilarini respublikada o‘tkazilgan saylov natijalarini tan olmaslikka, biroq “Belarus uyg‘onishini” qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
“Butun Belarus bo‘ylab o‘z ovozini himoya qilishga chiqqan odamlar, hukmronlikka osilib olgan tizim tomonidan vahshiylarcha kaltaklandi, erkin fikrlashdan mahrum qilindi. Yuzlab odamlar jarohatlandi, kamida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu holat ayni bugun, Yevropa markazida sodir bo‘lmoqda”, - dedi Tixanovskaya.
19 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, ODKB doirasida Belarusga yordam ko‘rsatishga hojat yo‘qligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml respublikada yuzaga kelgan vaziyatni mamlakatning ichki muammosi sifatida baholaydi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.