Belarusda 700 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan
Shu kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari vaqtida 700 dan ortiq namoyishchi hibsga olindi. Bu haqda Belarus IIV rasmiy vakili Olga Chemodanova ma’lum qildi.
U taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 15 noyabr kuni mamlakat bo‘ylab umumiy hisobda 35 ta ruxsat berilmagan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
“O‘zgarishlar nomini olgan maydonda fuqarolarning katta oqimi kuzatildi. Namoyish tashkilotchilari o‘z maqsadlari yo‘lida Roman Bondarenko o‘limidan foydalandilar (namoyishlar vaqtida halok bo‘lgan). Noqonuniy xatti-harakatlar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirilganlaridan so‘ng eng faol ishtirokchilar hibsga olindi”, deb yozdi Chemodanova o‘zining Telegram sahifasida.
Ma’lum qilinishicha, Brest va Grodno shaharlarida namoyishchilar soni 200–250 nafardan oshmagan, mamlakatning boshqa joylaridagiga nisbatan tinch o‘tgan. Eng yirik ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadigan Minsk shahridagi ishtirokchilar soni ma’lum qilinmadi. Biroq butun Belarus bo‘ylab ularning soni “qisqardi va norozilik faolligi kamaydi”, deyilgan Chemodanova sharhida.
“Jami 700 dan ortiq odam ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlari uchun ularning ma’muriy huquqbuzarliklari sudda ko‘rib chiqulgunga qadar hibsda ushlab turish joylariga joylashtirildi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.