Belarusda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari tan olinadimi? Voqealar rivoji qanday davom etyapti?

Belarusda o‘tkazilgan saylovlar mukammal darajada o‘tmadi, biroq bu holatni hukumat va xalq o‘rtasidagi muloqotni buzish maqsadida qo‘llamaslik kerak. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarga shunday izoh berdi.

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Belarusdagi vaziyatga tashqi kuchlarning aralashuvidan xavotirda va bu aralashuv geosiyosiy maqsadlarda amalga oshirilmoqda. “Sobiq ittifoq hududlari uchun kurash olib borilayotgani hech kimga sir emas”, - dedi Lavrov. Shuningdek, u G‘arbni, 2014 yilda Ukrainada bo‘lib o‘tgan “Yevromaydan”ga Yevropaning aralashuvi nima bilan tugaganini eslashga chaqirdi. 

***

Yevropa ittifoqi Belarusda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun, mamlakatga 53 million yevro taqdim etadi. Bu haqda 19 avgust kuni Yevropa kengashi rahbari Ursula Fon der Lyayen ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mablag‘ davlat tizimi orqali emas, jamoat tizimlari orqali yo‘naltiriladi.

Lyayenning ushbu so‘zlari YeI sammiti yakuniga yetganidan so‘ng yangradi. Polsha Bosh vaziri Mateusha Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan sammitda, a’zo davlatlar rahbarlari bir ovozdan Belarusda o‘tkazilgan saylovlarning rasmiy natijalarini tan olishga qarshi fikr bildirganlar. 

***

Belarus muholifati tomonidan tashkil etilgan Muvofiqlashtirish kengashi, Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalar o‘rnatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda 20 avgust kuni kengash a’zosi Pavel Latushko so‘zladi.  

Jurnalistlar tomonidan “Muvofiqlashtirish kengashi Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalar o‘rnatishga tayyormi?”, - deb berilgan savolga,  “Mutlaqo. Biz o‘z pozitsiyamizni bayon etishga tayyormiz, biz vaziyatni qanday ko‘rayotganimizni u yoki bu shaklda taqdim etishga tayyormiz”, - deb javob qaytardi Latushko.