Belarusda norozilik namoyishlari sababli 650 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Belarus bosh prokurori Andrey Shvedning aytishicha, mamlakatda kuzatilayotgan saylovlardan keyingi norozilik namoyishlari sababli 650 dan ortiq jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, yaqin kunlarda sodir etilgan jinoyatlar terrorizm, deb baholanishini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Oktyabr oyining boshida ommaviy tartibsizliklar, huquqni muhofaza qilish xodimlariga, mansabdor shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish holatlari bo‘yicha 400 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Oktyabr oyining o‘rtalarida 500 dan ortiq bo‘lib, bugun so‘z 657 ta jinoiy ish to‘g‘risida bormoqda”, dedi Shved “Belarus 1” telekanali efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish tizimi mavjud voqealarga moslashib bo‘lgan va barcha holatlarga huquqiy baho beriladi.

“Aslida, so‘nggi bir necha haftada radikal va o‘ta radikal shaklga o‘tgan urush bo‘lmoqda. Jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim holatlar yuzasidan aybdor shaxslar harakatlarining barcha oqibatlarini terrorizm, deb baholash masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, dedi Belarus bosh prokurori.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar sonining ortishi zamirida jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarning radikallashuvi yotibdi. Namoyishchilar dastlab avtomobil g‘ildiraklarini yoqishadi, “Molotov kokteyli” bilan hujum qilishadi. Keyin esa “Kelinglar o‘ldiramiz”, deydi.

Shved sudga oshirilgan jinoiy ishlar bo‘yicha 9 ta sud hukmi o‘qilganini va hukm o‘qilgan shaxslarning asosiy qismi ozodlikdan mahrum qilinganini ma’lum qildi.
“Bunday tajriba davom ettiriladi. Ommaviy tartibsizliklarda qatnashayotgan vaqtda shaxs hayotiga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga tahdid qilgan har bir shaxs sudlanadi va eng uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi. Har holda davlat ayblovchilari har bir ishda shuni talab qiladilar”, dedi u.