Belgilangan chegaradan qimmat narxda gaz sotgan “zapravka”larga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishi aytilmoqda

Internet tarmoqlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida narxlar cheklanayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bunga sabab Vazirlar Mahkamasining "Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasini muhokamasi sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda 1 kub/metr uchun 3250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi rejalashtirilmoqda.

- Hozirda viloyatimiz bo‘yicha 144 ta avtomobillarga siqilgan gaz quyishga mo‘ljallangan shoxobchalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilshod Saydiyev. – Samarqand magistral gaz quvurlari boshqarmasiga 28 ta, “Hududgaz Samarqand” viloyat filialiga 105 ta, Zirabuloq gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli tarmoqqa esa 10 gaz tarqatish shoxobchalari ulangan bo‘lib, ayni paytda ularning barchasiga onlayn elektron hisoblagichlar(ASKUG) o‘rnatilgan va muntazam kuzatib borilmoqda. Mazkur shoxobchalarga bir kunda o‘rtacha bir million 70 ming kub/metr tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Ularning iste’molchilarga sotilayotgan narxi esa 2800-3000 so‘mni tashkil etmoqda.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand hududiy boshqarmasi viloyat prokuraturasi bilan birgalikda barcha avtomobillarga gaz taqsimlash shoxobchalari mutasaddilari bilan suhbatlashib, narxlarni oshirmaslik to‘g‘risida ogohlantirib chiqildi.         

Ularga shoxobchalarga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarining Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanganligini va onlayn rejimda ma’lumotlar uzatilishini qat’iy nazorat qilib borish yuklatildi. Tarmoqqa noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirish yuklatildi. Onlayn rejimda ma’lumotlar uzatmayotgan, sotishda cheklangan narxning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ygan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatish choralari ko‘riladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.