Bemorligida ishdan bo‘shatilgan urgutlik bank xodimi vazifasiga tiklandi

Xalq bankining Urgut filiali sobiq xodimi Ulug‘bek Fayziyev noqonuniy ishdan bo‘shatilgan.

Uning bu haqdagi murojaati o‘rganilganda bank filialining 2020 yil 8 iyundagi “Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risida”gi buyrug‘i Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 4-bandiga asosan chiqarilganligi aniqlandi.

Biroq buyruqda U.Fayziyevning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganlik fakti va uning harakati (harakatsizligi) qaysi hujjat asosida o‘z xizmat vazifasini bir marta qo‘pol ravishda buzishga kirishi aniq izohlab berilmagan.

Mehnat kodeksining 102-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda ish beruvchi xodimni mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinishi to‘g‘risida kamida uch kun oldin xabardor qilishi lozim. Ammo Xalq bankining Urgut filiali tomonidan U.Fayziyev ogohlantirilmagan.

Bundan tashqari, buyruq nusxasi va mehnat daftarchasi U.Fayziyevga tilxat orqali berilmagan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 108-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.

Qolaversa, U.Fayziyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi u mehnatga qobiliyatsizlik davrida ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilingan. Mehnat kodeksi talabiga ko‘ra, xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat to‘g‘risidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘rganish yakuni bilan AT “Xalq banki” Urgut filialining 2020 yil 9 iyuldagi buyrug‘i bilan 8 iyundagi “Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risida”gi buyruq bekor qilinib, pensiya va nafaqa to‘lovlari bilan ishlash sho‘’basi 12-sonli sayyor kassa kassiri Ulug‘bek Abdurazzaqovich Fayziyev o‘z vazifasiga tiklandi.

Shuningdek, mehnatga layoqatsizlik varaqalariga asosan 12 maydan 25 iyungacha bo‘lgan davr uchun U.Fayziyevga nafaqa hamda majburiy progulda bo‘lgan 10 ish kuni ish haqi to‘lanadigan bo‘ldi.

Shuhrat AHMEDOV,

Urgut tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.