Bank rahbarining sovuqqonligi bepisandlikmi yoki mas’uliyatsizlik?

Milliy bank Samarqand viloyat filiali rahbari o‘z xatti-harakatlarini nima bilan izohlaydi?

Islohotlar shiddati, xalqimiz huquqiy madaniyatining yanada oshib borayotganligi, so‘z erkinligiga, inson huquqlariga qaratilayotgan e’tibor natijasida saylovchilar tomonidan yangi chaqiriq deputatlariga qo‘yilayotgan talablar sifat jihatidan o‘zgargan. Bunga fevral oyida bo‘lgan quyidagi murojaat ham yaqqol misol bo‘ladi.

Xususan, “MAGNIT MEDIA” MChJ rahbari, tadbirkor va bloger Xayrulla Mamasoliyev Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “2018-2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand viloyat filiali bilan kredit mablag‘lari ajratilishiga kelishgan. Lekin shartnomada belgilangan muddat o‘tib ketganiga qaramay, ayrim mutasaddilar tomonidan “indinga keling”, “ertaga keling”, “bugun kechga hal bo‘ladi” qabilidagi bahonalar bilan kelishilgan mablag‘ ajratilmagan.

Tadbirkorning murojaatini xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari Aziz Ahrorov, Narziqul Xoliqovlar bilan o‘rgandik. Muammo yo‘q, masala faqat bankda qolgan. Shu sabab, 2020 yilning 17 fevral kuni bankka yo‘l qo‘yilayotgan sansalorlikka izoh so‘rab, shuningdek, yuqorida keltirilgan Vazirlar Mahkamasi qarorining ijrosi bo‘yicha viloyatda qilingan ishlar bo‘yicha axborot talab qilib, deputatlik so‘rovi yo‘lladim.

Shu o‘rinda, izoh berib o‘tmoqchiman. “Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, deputatlik so‘roviga 10 kundan kechiktirmay, javob qaytarilishi lozim. Aks holda mazkur qonunning 10-moddasida qayd qilingan “Deputatning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilish”ga monelik qilingan hisoblanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

So‘rovimga 2020 yilning 26 mart kuni, ya’ni qariyb 40 kundan keyin tadbirkorning muammosi hal qilinganligi haqida javob qaytarishdi. Biroq talab qilingan axborot bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

To‘g‘ri, tadbirkor muammosining hal qilinganligi kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Lekin so‘rov muddatiga e’tiborsiz bo‘lgan mutasaddilar javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmaganligimiz uchun “andishaning otini qo‘rqoq”qa chiqarmasligi kerak. Avvalo, o‘zini hurmat qilgan rahbar qonun talablariga bunday sovuqqonlik bilan qaramaydi.

Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari tomonidan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashini namunali kengash qilish taklifini bildirganligini ham qayd etib o‘tish lozim. Nazarimda, vakillik organiga vakolat berish, o‘zaro tiyib turish mexanizmini hududlarda ham yo‘lga qo‘yish borasidagi bu tashabbusning mohiyatini nafaqat har bir deputat, balki tashkilotlar rahbarlari ham teran anglashlari lozim.

Shohruh JO‘RAQULOV,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.