Bemorlik bilim olishga to‘sqinlik qilolmaydi
Bugungi kunda Samarqandda 1986 nafar o‘quvchi uyda yakka tartibda ta’lim-tarbiya olmoqda.
Kasallik sabab ba’zi bolalar yakka tartibda uyda ta’lim oladi. Bugun davlatimiz nogironligi bor yoki vaqtinchalik bemorlikni boshidan o‘tkazayotgan bolalarning ham ta’lim-tarbiya olishlariga sharoit yaratib bermoqda.
Ular uchun alohida o‘qituvchilar ajratilib, mashg‘ulotlar olib borilyapti. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 1986 nafar o‘quvchi uyda yakka tartibda ta’lim-tarbiya olmoqda.
Uyda yakka tartibda ta’lim oladigan bolalardan biri Mardonbek Himmatov Samarqand shahridagi 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 3 “A”-sinf o‘quvchisi. Unga Gulida Nurillayeva boshlang‘ich ta’limdan dars beradi.
- Ikki nafar o‘quvchiga uyida alohida dars beraman, - deydi G.Nurillayeva. – Mardonbek darslarni yaxshi o‘zlashtiradi, haftada to‘rt kun dars o‘taman. U matematikani yaxshi ko‘radi. Shuning uchun boshqa fanlarni matematikaga bog‘lab o‘tishga harakat qilaman. Uyda ta’lim oladigan bolalar uchun ham sinf jurnali yuritiladi. Har kuni jurnalni maktabdan olib, darsim tugagach, yana maktabga topshiraman.
Mardonbekning ona tilidan mashqlar daftarini ko‘zdan kechirdim. Haqiqatda mashqlar yaxshi bajarilgan va o‘qituvchi tomonidan a’lo baholangan.
- Dasturchi bo‘lishga qiziqaman, onam yaxshi o‘qisam kompyuter olib bermoqchi, - deydi Mardonbek. – Ustozimning darslari menga yoqadi, hamma fanlarni yaxshi ko‘rib o‘qiyman.
Uning darsxonasi shinamgina, xonada doska, stol, stul bor. Stolda rangli qalamlar, darslik kitob va daftarlar mavjud.
- O‘g‘lim bel sohasida grija bilan tug‘ilgan, - deydi Mardonbekning onasi Ruxsora Shonazarova. – Go‘dakligida ikki marta jarrohlik operatsiyasi qilingan. U yurolmagani uchun aravachada dars tayyorlaydi. Aravachasi ham endi dars tayyorlashiga pastlik qilyapti. Balandroq aravacha olib berishimiz kerak. Ammo bunga imkonimiz yo‘q, sababi ijarada yashaymiz. O‘g‘limga ingliz va rus tili o‘qituvchilari ham alohida kelib dars o‘tib ketadi. Ingliz tili o‘qituvchisi noutbukda dars o‘tyapti, bu o‘g‘limni yanada o‘qishga qiziqishini oshiryapti.
- Kunduzi Mardonbekka men qarayman, birgalikda dars qilamiz, - deydi uning buvisi Munavvara opa. – Kechqurun onasi ishdan kelib, o‘g‘li bilan dars tayyorlaydi.
Ushbu oila Mardonbek sabab shaharga ko‘chib kelib yashamoqda.
- Qishloqda o‘g‘lim tez-tez shamollab kasal bo‘lib qolardi, - dedi onasi. - Ayniqsa, qishda juda qiynalardik, shuning uchun “dom”ga ko‘chib kelganmiz. Turmush o‘rtog‘im ikkimiz ishlaymiz. Bolalarimga qaynonam qarab turadi. Uch nafar farzandim bor, Mardonbek o‘rtancha o‘g‘lim.
Mardonbekning darsini kuzatib turdim. O‘qituvchisi bilan ona tilidan berilgan mashqlarni birgalikda bajardi. Darsda o‘qituvchining savollariga to‘liq javob berdi. Bolaning ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqi dars jarayonida sezilib turdi. U bilan alohida shug‘ullanib borilsa, kelajakda o‘zi istagandek dasturchi bo‘lishi, kasbi ortidan yuksak marralarni zabt etishi mumkin.
***
Darhaqiqat, Konstitutsiyada belgilanganidek, har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangan.
Tumanlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p uyda ta’lim oladigan o‘quvchilar Urgut tumanida – 264 nafar, Ishtixon tumanida 193 nafar, Samarqand shahrida 182 nafarni tashkil etadi.
Kasallik turlariga ko‘ra, tayanch harakat a’zolari shikastlangan o‘quvchilar 495 nafar, aqli zaif o‘quvchilar 446 nafar, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi o‘quvchilar 6 nafar, eshitishda nuqsoni bor zaif eshituvchi o‘quvchilar 7 nafar, nutqida nuqsoni bor o‘quvchilar 53 nafar, boshqa turdagi kasalliklar bilan 979 nafar o‘quvchi uyda yakka tartibda ta’lim olmoqda. Ularga 4709 nafar tajribali pedagog o‘qituvchilar biriktirilgan.
Xurshida ERNAZAROVA.