Benkov ko‘chasida qurilayotgan bino Pavel Benkov yashagan uydan 22 metr uzoqlikda joylashgan
Ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqand shahar Benkov ko‘chasida joylashgan Pavel Benkov yashagan va ishlagan uyni saqlab qolamizmi?” degan mazmunda xabarlar tarqaldi.
Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki, Samarqand shahar Benkov ko‘chasi 13-uy madaniy meros ob’yekti sifatida milliy ro‘yxatda qayd etilgan, YuNESKOning umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy qo‘riqxona hududida joylashgan.
Madaniy meros ob’yekti bilan tarixiy bog‘langan hududda, ya’ni madaniy meros ob’yektidan 22 metr uzoqlikda janubiy tomondan fuqaro Ye.Salahiddinova chuqurligi 3 metr bo‘lgan 216 kvadrat metr yer maydonida yer qazish ishlari olib borgan. Kadastr hujjatlariga ko‘ra, 216 kvadrat metrli mazkur yer Ye.Salahiddinovaga tegishli.
Qazish ishlari olib borilganda madaniy meros ob’yektiga ziyon yetkazilganligi aniqlanmagan.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti hamda Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasi 2020 yil 18 dekabrdagi 1236-sonli xat asosida fuqaro Ye.Salahiddinovaga Samarqand shahrining tarixiy hududi hamda davlat muhofazasiga olingan Benkov ko‘chasi 13-manzilda joylashgan fuqarolik inshooti madaniy meros ob’yektini joriy ta’mirlash hamda hovli ichidan ikki qavatli turar joy binosining balandligini 8 metrdan oshirmaslik hamda Madaniy meros departamenti ilmiy-ekspert kengashining xulosasini olish sharti bilan e’tiroz yo‘qligini bildirgan.
Fuqaro Ye.Salahiddinova mazkur ob’yekt qurilishi davomida Pavel Benkov yashagan uyni ta’mirlashni ham o‘z zimmasiga olgan.
Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.