Motriddan Samarqandga kirishdagi asosiy yo‘l yopilgan, taksi puli ikki baravar oshgan. Haydovchi va yo‘lovchi haqida kim o‘ylaydi?
Qorasuv maskanidan ertalab soat 7:30 da ishga borish uchun ko‘chaga chiqdim. Bekatda odam kechagidan ko‘proq ekan. Bugun ham taksi yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Taksilar to‘xtovsiz kelib turibdi, ammo bir qadam joyga falon pul deyapti. Sababi, shaharning Ibn Sino va Dahbed ko‘chalari chorrahasidan “Motrid” qo‘rg‘onidan o‘tgan temiryo‘l ko‘prigigacha bo‘lgan qismi ta’mirlash uchun yopildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar ham berilgan edi.
Endi taksilar aeroport tomondan yoki Shirin mahallasi (Za liniya)dan aylanib, shaharga kiryapti. Oqdaryo, Payariq, Ishtixon tumanlaridan keluvchilar ham xuddi shu tarzda shaharga kelyapti. Masofa uzoq bo‘lib ketganidan kira haqi ham ko‘tarilib ketdi. Bir taksi Qorasuvdan Universitet xiyobonigacha kishi boshiga 10 ming so‘mdan talabalarni oldi. Talabalar nima qilsin? Avtobus bir soatda ham manzilga yetib borolmaydi, ular darsga kechikyapti, majbur minishdi.
Men ham bir amallab taksiga minib oldim. “Opa, taksi puli 5 ming so‘m emas, insof bilan berasiz, yo‘l uzoq” dedi haydovchi.
- O‘zi shu ko‘cha bir yilda uchinchi marta ta’mirlanyapti... – dedi yo‘lovchilardan biri.
- Samarqandda yo‘l muammolarining yechimi bormi? Ertalab ishga yetib borolmasang, bu yoqda taksi puli qimmatlashsa, – dedi ikkinchi yo‘lovchi.
- Rossiyada yo‘llar kechasi ta’mirlanadi, hatto odamlar sezmaydi ham, - dedi uchinchi yo‘lovchi. – O‘zim mana shunday brigadada ishlaganman. Kechasi bilan yo‘lni ta’mirlab qo‘yardik, aslida bu ko‘chani ham bir kunda ta’mirlasa bo‘ladi.
Xullas, ertalabdan kayfiyat buzildi. Shundoq ham har kungi tirbandliklarga ko‘nikkan edik. Yo‘lovchilar avtomashinada aylanma ko‘chalar bilan shaharga qiynalib kiryapti. Kimdir ishga, kimdir o‘qishga kechikyapti. Shunday paytlarda Qorasuvdan shaharga qatnovchi aholining og‘irini yengil qilish uchun nega tegishli tashkilotlar qo‘shimcha transport ajratib, ularni vaqtida manziliga yetish choralarini ko‘rmaydi? Yo‘l ta’mirlanyapti ekan, haydovchi va yo‘lovchilarni ovora qilmaslik uchun Motridga kirish joyda biror belgi qo‘yilmaydi? Yoki shunday paytda YPX xodimi nega yo‘l boshida turib, tirbandlik bo‘lmasligi uchun avtoulovlarni boshqa, ochiq, qulay yo‘ldan yurishga yo‘naltirmaydi? 3 yil oldin va’da qilingan Gagarin ko‘chasi bilan Qorasuv maskanini bog‘lovchi zamonaviy transport yo‘li qurilishi nega kechikyapti?
Darvoqe, Samarqand shahar hokimining joriy yil 6 maydagi (109-7-107-F/22-sonli) qaroriga ko‘ra, ayrim ko‘chalarda 10 maygacha transport vositalarining harakati vaqtincha taqiqlansin, deyilgandi. Bugun esa 11 may, ammo yo‘llar ochilgani yo‘q. Xo‘sh, nima uchun?
Xurshida Ernazarova.