Beruniy ALIMOV: Milliy axborot makonida "odamlarni kim ko‘proq qo‘rqitish" musobaqasi boshlandi

Axborot bosimini bas qiling!

Indinga 4 oy bo‘ladi. 

Shov-shuvli yangiliklar, vahimali xabarlar, uzuq-yuluq audio-videolar...

Eng dangasa jurnalist ham, o‘zidan bloger yasaganlar ham ancha qimirlab qoldi.

Bu gaplar kimgadir tegib ketsa, oldindan uzr so‘ragan holda, infodemiyadan ko‘ngli aynayotgan oddiy bemor, axborot iste’molchisi sifatida ayrim fikrlarni yozishga majbur bo‘ldim.

1. O‘tgan davrda uzoq-yaqin tanishlardan qariyb 70 nafari mualliflik telegram kanalini ochdi. Vaholanki, u yerdagi 80-90 foiz axborot qayerdandir ko‘chirilib, "copy/paste" qilinyapti. Tushuning, axborotni shunchaki "podelitsya", ya’ni retranslyasiya qilish - jurnalistning ham, blogerning ham vazifasi emas.

2. Siz uzatayotgan xabarni men kamida 3-5 kun oldin ishonchliroq, nufuzliroq manbadan o‘qib bo‘lgan bo‘laman.

3. Uning ustiga telegramdagi 2-3 ta kanalingiz, undan tashqari telegramda siz bilan birga a’zo bo‘lgan 7-8 ta umumiy guruhimiz, FBdagi o‘z sahifangiz va yana u yerda biz siz bilan birga guruhdosh bo‘lgan 8-10 ta joyda har daqiqada sizning 1 tiyinga qimmat informatsiyangizni takror-takror o‘qishga majbur emasmiz.

4. Keling, yaxshisi, hobbini yig‘ishtirib, professional 1-2 ta platformani tanlang. Vazmin bo‘ling. Sizni kerak bo‘lsa o‘sha yerga kirib o‘qib olamiz.

5. Infodemiyaga chek qo‘ying. Sizsiz ham axborot maydoni ax..tga to‘lib yotibdi.

6. Bilaman, yaxshigina ijodkorsiz, el dardi bilan yashayapsiz. Lekin hozirgi sinovli paytda hamma joydan "aji-kuku" qilib chiqib turishingiz shart emas.

7. Bilaman, siz yaxshi do‘st hamsiz. Lekin men umuman istamagan, sizni sog‘inmagan paytda vaqtimni olishingizga qarshiman. Chunki xudo tomonidan berilgan tegishli vaqt - meniki, birovniki emas. Bu bilan siz xuddi kutilmaganda ko‘rishib qolib, 2 soat so‘rashadigan yoki cho‘lpillatib o‘pishadigan odamga o‘xshaysiz.

8. Kuniga qancha inson kasallikka chalingani-yu, qanchasi o‘layotganining hisobotini berib borish ham sizning vazifangiz emas.

9. Tushunishga harakat qiling. Ortiqcha informatsiya odamni stressga boshlaydi. Stress esa immunitetni tushiradi va xudo ko‘rsatmasin, har qanday virusni osongina yuqtirish ehtimolini yuzaga keltiradi.

10. Siz qo‘yayotgan postga yoki rasmga aloqam bo‘lmasa, meni teg qilmang. Foydasi yo‘q. Mabodo hamkorlikda bir ishni qoyillatsak, o‘zim qo‘yarman.