Ota-onangizdan hech qachon uyalmang

Yaqinda bir tanishim oilaviy tadbirga taklif qildi. Marosimga ota-onam bilan birga bordik. Tadbir boshlanguncha do‘stlar bilan gurunglashib o‘tirgandik, gapdan gap chiqib, tanishlardan biri «Qanday qilib shunday joyga ota-onangni olib kelding?», deb qoldi.

Shu payt davradagi suhbat to‘xtab, hammaning nigohi men va shu gapni aytgan kishiga qaratildi. Albatta, bu gapdan keyin men qatori boshqalarning ham jahli chiqdi. Ammo vaziyatni yumshatish uchun kulib, xotirjam javob berdim.

Bunday joylarga meni ilk bor olib kelgan ota-onam bo‘ladi. Men hali yura olmaydigan, gapni tushunmaydigan, o‘zim ovqatlana olmaydigan, to‘g‘ri o‘tirolmaydigan paytda ham ular meni to‘y-tomoshalarga olib borgan, men bilan faxrlanishgan. Endi tantanalarda, do‘stu birodarlar yonida shunday ota-onam borligi uchun men ular bilan faxrlansam, bu uyat emas, balki men uchun sharaf.

Javobimdan so‘ng hech kim lom-mim demadi, tanishim boshini quyi soldi…

Ota-ona inson hayotidagi eng buyuk tuhfa. Ular sizni yo‘qdan bor qildi, tunlarni bedor o‘tkazdi, issiq-sovuqqa bermay katta qildi. Bir og‘iz “Dada”, “Ona” degan so‘zingiz uchun qancha zahmatlarga chidadi. Endi siz ular bilan biror joyga borsangiz, uyalib emas, faxrlanib yurishingiz kerak emasmi?

Ota-onangizni borligida qadrlang, bo‘sh vaqtingizni ular bilan o‘tkazing, oldida o‘zingizni katta qilib ko‘rsatmang, asosiysi, hech qachon ota-onangizdan uyalmang!

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.