“Besh tashabbus olimpiadasi”: Kuchlilar saralanmoqda

Joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi yangi nizomiga muvofiq, o‘quvchilar, professional ta’lim, oliy ta’lim muassasalari talabalari va mahalla yoshlari o‘rtasida belgilangan yosh toifasida o‘tkazilmoqda.
Olimpiada doirasida viloyatdagi maktab o‘quvchilari sinflararo maktab bosqichi, maktablararo tuman (shahar) va hududiy-final bosqichida yengil atletika, shaxmat, shashka, voleybol, stol tennisi, mini futbol va “Quvnoq startlar” bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda bahslashdi.
Bellashuvlarda 7-17 yosh toifasida 238 ming 808 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi. Musobaqaning hududiy final bosqichida 126 nafar o‘quvchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining 5124 nafari shaxmat, shashka, voleybol bo‘yicha sektor, sektorlararo tuman (shahar) bosqichlarida ishtirok etdi va 352 nafar o‘g‘il-qiz musobaqaning hududiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning viloyat final bosqichi 1-4 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari sportning mini futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika va stritbol turlari bo‘yicha guruhlararo fakultet, fakultetlararo OTM bosqichlarida bellashdi.
Musobaqalarda 18 ming 277 nafar talaba ishtirok etib, bellashuvlarning oliy ta’lim muassasalariaro hududiy bosqichga 490 nafar talaba yetib keldi. Endi 2-8 noyabr kunlari musobaqaning OTMlararo hududiy bosqichi o‘tkaziladi va g‘olib bo‘lgan jamoalar 13-18 noyabr kunlari olimpiadaning respublika final bosqichida ishtirok etadi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla yoshlari o‘rtasidagi musobaqalarida 14-30 yosh toifasidagi 146 ming 669 nafar o‘g‘il-qizlar qamrab olingan. Ayni paytda sportning gimnastrada, voleybol va milliy kurash turlari bo‘yicha ko‘chalararo, mahallalararo va sektorlararo bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘g‘il-qizlar olimpiadaning tuman va viloyat bosqichlariga saralanmoqda.
Musobaqalarning tumanlararo bosqichi 8 noyabrda yakunlanadi va g‘oliblar 16-26 noyabr kunlari hududlararo bosqichida ishtirok etadi.