“Besh tashabbus olimpiadasi”: Paxtachi tumani respublikada eng yaxshi natijaga qanday erishdi?
Olimpiadaning 2023 yil birinchi va ikkinchi mavsumlarida samarqandlik yoshlar 21 ta oltin, 13 ta kumush va 19 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, respublikada peshqadam bo‘ldi.
Shuningdek, 208 ta tuman (shahar) orasida eng yaxshi natija qayd etgan Paxtachi tumani ham respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Tumandagi 7 ta mahalla yoshlari musobaqalarning respublika bosqichida 6 ta oltin va 2 ta kumush medal bilan 22 ball to‘pladi.
Xo‘sh, tuman yoshlari bu natijaga qanday erishdi?
- Paxtachida 150 ming nafardan ziyod aholi yashaydi va uning 60 foizini (73 ming 587 nafarini) yoshlar tashkil etadi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari A.Qo‘ldoshev. - Tumanda 6 ta stadion, 56 ta sport zal, 46 ta futbol, 13 ta sun’iy qoplamali mini futbol, 49 ta gandbol, 54 tadan basketbol va voleybol, to‘rttadan stritbol va badminton maydonchalari, 3 ta fitnes zali hamda 1 ta shaxmat maydonchasi bor.
Tumanda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida 17,8 kilometr salomatlik, 8,8 kilometr velosiped yo‘laklari qurildi, 42 ta vorkaut, shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”da g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida to‘rtta universal va bitta stret vorkaut maydonchalari tashkil etildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2023 yil birinchi va ikkinchi mavsumlarida 11 ta sport, 2 ta san’at, 1 ta kibersport, 5 ta kasb-hunar yo‘nalishidagi musobaqa va tanlovlarda 30 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Tumanda amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan sharioitlar natijasida yoshlarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, respublikada birinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur olimpiada nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun ham imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Tumanning Amirobod mahallasida yashovchi Asaloy Qo‘ldosheva 16-21 yosh toifasida paralimpiada bo‘yicha o‘tkazilgan yengil atletika musobaqasining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi va mahallasiga universal sport maydonchasi qurib berildi.
- Yoshim 20 da, ikki yildan beri Xurshida Davronova qo‘l ostida yengil atletikaning yadro uloqtirish turi bilan shug‘ullanyapman, - deydi Asaloy. – O‘tgan yil mahallamizdagi yoshlar yetakchisi taklifi bilan ilk bor “Besh tashabbus paralimpiadasi”da qatnashdim. Turnir o‘zimni ko‘rsatish uchun zo‘r imkoniyat bo‘ldi. Musobaqaning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim va mahallamizga universal sport maydonchasi qurib berildi. To‘g‘risi, oldin mahallamizda shug‘ullanish uchun imkoniyat yo‘q edi. Musobaqalarda ishtirok etish va sport to‘garaklariga borish uchun qo‘shni qishloqlarga, tumandagi sport maktablariga yoki Navoiy shahridagi sport inshootlariga borardik.
- Mahallamizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 430 nafarni tashkil etadi, - deydi Urganji mahallasi yoshlar yetakchisi Fotima Barotova. – Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida kutubxona, sport to‘garaklari, xorij tili kurslari tashkil etilgan va yoshlarimiz bundan unumli foydalanmoqda. Jumladan, 2023 yil biz uchun juda omadli keldi. 16-21 yosh toifasida mahallamiz qizlari “Besh tashabbus olimpiadasi” stritbol musobaqasining respublika bosqichida g‘oliblikni egalladi va mahallamizda sport maydonchasi bunyod etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasida g‘olib bo‘ldik va kutubxonamizga o‘zbek tiliga tarjima qilingan jahonda mashhur mingta kitob olib berildi. Shuningdek, yosh sportchimiz Og‘abek Otabekov mahallada og‘ir atletika to‘garagini tashkil etib, yoshlarni xalqaro musobaqalarga olib chiqdi.
Yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va iste’dodini namoyish etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu islohotlar davomi sifatida 2024 yil - Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingani yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.