"Besh tashabbus olimpiadasi": Samarqandda stritbol bo‘yicha respublika musobaqasiga start berildi

Mahalla yoshlari o‘rtasida joriy yilgi "Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqalari 4 aprelda boshlangan edi. Hozirga qadar sport, madaniyat, san’at, kitobxonlik, axborot texnologiyalari va kasblar tanlovi bo‘yicha 19 yo‘nalishda 393 ming 134 nafar samarqandlik yoshlar musobaqalarning mahalla, sektor, tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida bellashib, 309 nafari respublika yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Samarqand shahridagi yengil atletika va o‘yin turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning erkaklar o‘rtasida stritbol bo‘yicha “A” liga bahslari boshlandi.

Musobaqada respublikamizning 14 hududidan kelgan 210 nafar qatnashchi uchta (16-21, 22-26, 27-30) yosh toifasida qatnashmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov, viloyat yoshlar siyosati va sport vazirligi mas’ul xodimi Davron Shamsiddinov ishtirok etib, mazkur olimpiada mahalla yoshlari o‘rtasida ommalashib borayotgani va iqtidorli yoshlarning qobiliyatlarini namoyon etishida katta imkoniyat yaratayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng uch yosh toifasida bahslar boshlandi.

Musobaqada har bir jamoada 5 nafardan ishtirokchi g‘oliblik uchun bellashmoqda.

Bahslar 15 iyun kuni yakunlanadi.