“Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi bosqichida nimalar o‘zgardi?

Avval aytilganidek, aprel-iyun oylarida “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari viloyatimizning 7-30 yoshgacha bo‘lgan 975 ming 589 nafar yoshlari 13 yo‘nalishda ishtirok etib, respublika bo‘yicha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Ushbu musobaqaning ikkinchi mavsumi sentyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi belgilangan.

“Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi uchun ishlab chiqilgan nizomga muvofiq, tanlov va musobaqalarga qatnashish uchun arizalar topshirish joriy yilning 1 iyulidan 9 sentyabriga qadar davom etishi belgilangan bo‘lib, bugunga qadar viloyat bo‘yicha 334 ming 305 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi.

Bu haqda viloyat matbuot uyida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

H.To‘xtayevga ko‘ra, ariza topshirganlar orasida eng ko‘p Urgut tumanida istiqomat qiluvchi 37 ming 338 nafar (o‘rtacha har bir mahalladan 311 nafardan) yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan. Eng past ko‘rsatkich esa Qo‘shrabot tumanida bo‘lib, 11 ming 455 nafarni (o‘rtacha 254 nafardan) tashkil etmoqda.

Olimpmadaning ikkinchi bosqichi doirasidagi musobaqalar 10 sentyabrdan boshlanadi va yoshlar madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha 14 ta tanlov va musobaqalarda ishtirok etadi.

Ushbu mavsumda musobaqalarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, “Milliy kurash” musobaqasi, “Yoshlar raqs festivali”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” tanlovlari qo‘shimcha ravishda kiritildi. Sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqada 27-30 yoshlilar ishtiroki olib tashlandi. Stol tennisi, stretvorkout musobaqalari jamoaviy emas, yakka tartibda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Mazkur tanlov va musobaqalarning mahalla bosqichi 10-30 sentyabr kunlari, sektor bosqichi 2-21 oktyabr kunlari, tuman (shahar) bosqichi 20 oktyabr-4 noyabr kunlari hamda hududiy bosqichi 7-25 noyabr kunlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.