Beshta tashkilotga 295 million so‘m
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tanlov natijalari e’lon qilindi.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturini amalga oshirishda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda OAVlarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi tanlov g‘oliblarini taqdirlash hamda shu Fond tomonidan yangi tanlov e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat va nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
- Mazkur tanlovga 30 ga yaqin turli yo‘nalishdagi ishlar kelib tushdi, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi direktori Doston Malikov. – Tanlov komissiyasi vakillari tomonidan har bir taqdim etilgan ish alohida ko‘rib chiqildi, ularning tanlov mavzuiga mosligi, xarajatlar smetasining qay darajada to‘g‘ri tuzilganligi, ijtimoiy ahamiyati kabi jihatlari o‘rganilib, baholandi. Natijalarga ko‘ra, beshta jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari grant sovrindorlari bo‘lib, ularga 295 million so‘m miqdordagi mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblari orasida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Payariq tuman bo‘linmasi, Nogironlar jamiyati Past Darg‘om tuman bo‘limi, O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi, Nuroniy jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi, Narpay tumanidagi Narpay mahallasi kabilar mavjud.
- Bugungi kunda Past Darg‘om tumanida 6 mingga yaqin imkoniyati cheklangan fuqarolar istiqomat qiladi, - deydi Nogironlar jamiyati Past Darg‘om tuman bo‘limi rahbari Xonbuvi Hayitova. – Ularning ming nafariga yaqini mehnatga layoqatli hisoblanadi. Ushbu tanlovda non va non mahsulotlari ishlab chiqish orqali nogironlar bandligini ta’minlash bo‘yicha grant yutib oldik. 60 million so‘mlik grant mablag‘i bilan loyihamizni 10 oylik muddat davomida amaliyotga joriy etish belgilangan.
Yig‘ilishda, shuningdek, Jamoat Fondi tomonidan shu yilning 1 mayidan 1 iyulgacha bo‘lgan muddat uchun “Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash” nomli 2-tanlovi ham e’lon qilindi.