Beshta tumanda takroriy ekinga kartoshka ekiladi
Viloyat hokimi E.Turdimov Jomboy tumanida g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda kartoshka ekish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar, belgilangan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Ushbu taqdimotda Jomyboy tumanidan tashqari Bulung‘ur, Toyloq, Urgut va Oqdaryo tumanlari vakillari ham ishtirok etdi.
Kartoshka ekilishi rejalashtirilgan maydonlarni fermerlar, konturlar kesimida joylashtirish, hududlarda urug‘lik zaxirasi navi va hosildorligi muhokama qilinib, har gektar ekin maydonidan yuqori hosil olishga asosiy e’tibor qaratildi.
Birgina Toyloq tumanida 478 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 997 ta konturdagi g‘alladan 1841 gektar yer maydoni bo‘shaydi va mavjud urug‘lik zaxirasi 6443 tonnani tashkil etadi.
Taqdimotda viloyat hokimi kartoshka yetishtirishda har bir jihatga e’tibor qaratishni ta’kidlab, qaysi fermer xo‘jaligi elita urug‘lik yetishtirishga ixtisoslashganini, xo‘jaliklarga qancha ishchi jalb qilinishini aniqlash, ularning ish haqi, zaruriy kreditlar ajratish, urug‘lik kartoshkaning navi kabi masalalar ham muhokama etildi.
- Bu yumushlar ko‘p ishchi kuchi talab etadi, ko‘p qo‘shimcha qiymat yaratiladi. Shuning uchun har bir jarayonni puxta rejalashtirish talab etiladi, - dedi E.Turdimov. – Yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirib, bozorni to‘ldirish, eksport qilish lozim. Chunki bu yil xorij bozorida kiyim-kechakdan ko‘ra, oziq-ovqatga talab yuqori bo‘ladi.
Taqdimotda fermer xo‘jaliklarini taqsimlash, urug‘lik zaxiralari, shuningdek, kartoshka mahsuldorligi va navlarini tanlash ham muhokama qilindi. Taqdimot so‘nggida tez orada joylarda fermer xo‘jaliklari bilan uchrashilib, kartoshka ekish bo‘yicha loyihalar batafsil ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.