Beva dengizchilar, Oy kamalagi, qon guruhi bir xil xalq
XVIII asr oxirlari XIX asr boshlarida Buyuk Britaniya Qirollik xarbiy dengiz floti kemalarida halok bo‘lgan ekipaj a’zolarining tul qolgan xotinlari erlari o‘rniga ro‘yxatga kiritib qo‘yilgan va ta’minot davom ettirilgan.
Bu o‘ziga xos ijtimoiy kafolat bo‘lib, dengizchilar vafot etgan taqdirda oila a’zolari boquvchisiz qolmasligidan ko‘ngillari to‘q bo‘lgan.
***
Kamalakni nafaqat Yerda, balki Oyda ham ko‘rish mumkin. Bu Oy yuzasi quyosh nurini qaytarishi natijasida hosil bo‘ladi.
Ammo ushbu hodisa inson ko‘ziga shunchaki oddiy yorug‘lik bo‘lib ko‘rinadi. Biroq fotoapparatlar Oy kamalagini rangli tasvirda aks ettiradi.
***
Braziliya va Boliviyada yashayotgan hindularning bororo urug‘i soni 1600 kishidan oshmaydi. Gap ularning sonida emas, boshqa noyob xusisiyatida.
Ushbu qabilaning barcha a’zolarining qoni bir – ya’ni, birinchi guruh. Shu bois zarur bo‘lganida har bir kishi qabiladoshiga donor bo‘lishi mumkin.
***
Ko‘pchilik xalqlarda shunday irim bor: yo‘lingizni qora mushuk kesib o‘tsa, baxtsizlik keltiradi. Buyuk Britaniyada esa buning teskarisi - omad keltirarmish.
Shotlandlarning irimicha, agar uyingiz tomida daydi qora mushukni ko‘rib qolsangiz sevinavering, sizga baxt kulib boqar ekan.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.