Bilim darajasi: Uni o‘lchash mezoni nima?
Olam ilmdan iborat. Dunyoviy yoki diniy ilm ham ilmdir. Bu cheki yo‘q ilmdan biz o‘rgangan qismi bilimdir. O‘ta bilimdon kishining ham bilimi dengizdan bir tomchidir. Farosat egalari ko‘p o‘qigan sari hali ko‘p narsani bilmasliklarini anglaydilar. Biroq bilim bir qancha yo‘nalishlarga bo‘linib ketgandan keyin uning o‘lchovi nima, degan savol ko‘ndalang bo‘lmoqda. Chunki diniy va dunyoviy bilimni bilish darajasi turli mezonlar bilan o‘lchanadi. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak.
Aslida bizda bilim o‘lchovlari bor. Maktabni bitirganlar umumiy o‘rta ma’lumotli kishi, texnikum va kollej diplomini olganlar o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassislardir. Oliy o‘quv yurtining diplomini qo‘lga kiritsa, o‘qigan yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis hisoblanadi. Ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanib, dissertatsiya yoqlaydigan bo‘lsa, fan nomzodi (hozir PhD) va fan doktori (hozir DSc) ilmiy darajalariga ega shaxsga aylanadi. Fan nomzodi yoki fan doktori degani hali olim bo‘ldi, degani emas. Ular olim bo‘lish uchun imkoniyat va ma’naviy huquqni qo‘lga kiritganlar.
Bir tanishim KPSS tarixidan doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan va diplomini olgan kunlarida SSSR parchalanib, KPSS barham topdi. Shu bilan bu ish o‘z dolzarbligi va mohiyatini yo‘qotdi. Hali uncha vaqt o‘tmasdan, uning aytgan gapi: «Mening doktorligim o‘sha darajani olgan kunimdayoq eskirib bo‘lgandi», degan edi. Yana bir iqtisodchi birodarimiz «Hududlarda ishlab chiqarishni rejalashtirishning nazariy va metodologik muammolari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini a’lo darajada yoqlagan edi. Rejali iqtisodiyot barham topishi bilan bu ham o‘z mohiyatini yo‘qotdi.
O‘zimning doktorlik ishim «Matlubot kooperatsiyasida samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini baholash va tahlil qilish muammolari»ga (SSSR misolida) bag‘ishlangan edi. Bu davlat parchalanib ketdi va ish hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. So‘ngra ushbu mavzuni O‘zbekiston iqtisodiyotiga moslashtirib, mamlakatimizda matlubot kooperatsiyasi tizimini taraqqiy ettirishga bag‘ishladim. Himoya qilish payti kelganda, mamlakatimizda matlubot kooperatsiyasi faoliyati tugatildi. Ikkinchi ishim ham bekor bo‘ldi. Agar yoqlaganimda, o‘sha paytlardayoq ushbu sohada fan doktori bo‘lar edim. Lekin o‘sha «ilm»ning hech kimga nafi tegmasdi.
Ko‘rinib turibdiki, bugungi o‘rgangan narsalar ma’lum vaqt o‘tgach, ayrimlari bir necha yil ichida eskiradi. Shu tufayli inson o‘z bilimlarini muntazam ravishda oshirib bormasa, u qaysi kasb egasi ekanligidan yoki qaysi sohaga mansubligidan qat’i nazar, taraqqiyotdan ortda qoladi va haqiqiy bilimdon bo‘la olmaydi. Mos ravishda, u fan doktori bo‘lsa ham, olimlikni ham da’vo qila olmaydi.
Biroq diplom olgach, ayrimlar «Bo‘ldi, endi men hamma narsani bilaman va oqilona qarorlar qabul qila olaman», degan fikrda yuradi. Aslida diplom kishining muayyan darajada bilim olganligidan dalolat yoki bilim olishda davom etishligiga ruxsat berilganligini anglatadi. Oliy ma’lumotli kishi o‘rta ma’lumotli kishiga nisbatan bo‘layotgan hodisa va jarayonlarni kengroq tushunadi, oliy ma’lumotli kishiga nisbatan ilmiy tadqiqot olib borgan birorta fan sohasi bo‘yicha falsafa doktorining (PhD) shu jarayonlarni anglash darajasi yuqoriroq bo‘ladi. Yanada chuqurroq ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullangan fan doktori (DSc) hammasiga nisbatan yanada chuqurroq tasavvur qiladi va yanada chuqurroq xulosalarni chiqarishga qodir bo‘ladi. Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lmaydi. Ilm o‘lchovi ularni farqlash uchun ham kerak.
Hamma bir xil maktabda o‘qiydi. Ammo ularning bilim darajasi har xil. Hamma bola ham ilmga bir xil shijoat bilan intilavermas ekan. Ilmga intiladiganlarning birinchi fazilati agar u musulmon bo‘lsa, Allohga iymon keltirganlar bo‘lar ekan. Qur’oni karimda «Alloh sizlardan iymon keltirganlarni, xususan, ilmga berilganlarni darajalarga ko‘tarur», deyilgan.
Kishining ilmi qancha oshib borsa, sog‘lom qaror qabul qilishi uchun bilim darajasi ham, tafakkur salohiyati ham yetarli bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, hozirgi amaldagi bilim darajasini o‘lchaydigan mezonlar ma’lum darajada to‘g‘ri. Ammo men oliy ma’lumotliman yoki fan doktoriman, deb o‘qish va o‘rganishni to‘xtatib qo‘yadigan bo‘lsa, kechagi fan doktori bugungi o‘zgarishlarni bilmasa, bundaylarni yetuk olim deb bo‘lmaydi. Ilm o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq tirik odamda bir lahza ham so‘nmasligi kerak. Bejiz «Beshikdan to qabrgacha ilm izla», deb aytilmagan.
Bilim olishda qaysi darajani qo‘lga kiritishingizdan qat’i nazar, uni o‘rganishdan va o‘rgatishdan to‘xtamaslik lozim. Aks holda, hozirda jadal rivojlanayotgan, tez o‘zgarayotgan zamondan orqada qolib ketishingiz bor gap. Zamon bilan hamnafas bo‘lmagan fan doktori, professor o‘qitayotgan talaba va o‘quvchilar ham tegishli bilimni egallay olmaydi. Eng yomoni, ularning rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolish xavfi kuchayib boradi.
Ilm - chegarasi yo‘q ne’mat. Bilimli odamlar birorta sohaning bir qisminigina o‘rganadilar. Shu tufayli u oddiy oliy ma’lumotli kishimi yoki professormi «mening ilmim zo‘r», deb mag‘rurlanib, o‘z ustida ishlashni tark etib, to‘xtatib qo‘ymasligi kerak. Agar bugungi kun talabiga javob bera olmasa, professorni zamonaviy ilmni egallagan oliy ma’lumotli yoshlar ham tanqid qilishi, tanbeh berishi tabiiy. Bu borada Qur’oni karimda «Har bir ilm egasi ustidan biluvchi bor», deyiladi.
Ilm egallab, bilimli bo‘lgan kishi ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritar ekan. Bu borada payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zining ummatlarini ixlos bilan ilm egallashga intilsa, jannat yo‘liga tushgan bo‘ladi, deb ta’kidlagan.
Ikki dunyo saodati nima?
Birinchidan, ilmga intilishi, olgan bilimiga amal qilishi orqali barchaga ibrat bo‘lishi. Ikkinchidan, vafot etgandan keyin ham ma’naviy merosi, farzandu shogirdlari timsolida millat ma’naviyatida o‘rni borligidir.
Har bir inson o‘zining buguni va oxiratini, farzandlari kelajagini o‘ylasa, millat istiqboli haqida bosh qotirsa, Vatan tinchligini, uning qadriyatini mustahkamlashi lozimligini his qilsa, albatta, ilm egallab, bilimdon bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim.
Mamayunus Pardayev,
iqtisodiyot fanlari doktori, SamISI professori.