“Bilmayin, har kimga toshlar otmaylik!”

Bugun taniqli yozuvchi va shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov tavallud topgan kun.
A.Ko‘chimov 1951 yil 15 may kuni Urgut tumanida tug‘ilgan.
1972 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan. Keyinchalik "Lenin uchquni" gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi va boshqa qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Yigirmadan ziyod she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.
2017 yildan buyon O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2024 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Quyida ijodkorning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
***
TAShVISh...
Bugun yuraklarni chaqmoqday tilib,
Azobu og‘riqdan titrab ziyoda
Goh ermak, gohida masxara qilib,
Otliqqa tosh otar jami piyoda.
Do‘stlar, har lahzamiz emas quyoshlik,
Begunoh zot yo‘qdir yorug‘ dunyoda.
Toza bo‘lmagandek har bitta boshliq,
Musaffo emas-ku, hamma piyoda...
Xullas, tashvishimning jo‘ndir yakuni:
Bilmayin, har kimga toshlar otmaylik.
Jamol ko‘rsatmay qiyomat kuni,
Gunohi azimga botmaylik...
MIRZO ULUG‘BEK HAYKALI QOShIDA
Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim
O‘zbekzamindagi allomalarni.
Mana, ming yillarkim hayratda bashar
Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga.
Yana ming asrlar ta’zimga shoshar
Mirzo Ulug‘bekdek daholarimga.
FIZIKLAR FALSAFASI
Bir-biriga muhabbat
Bo‘lmasa bu dunyoda,
Sayyorayu qit’alar
Aylanardi ro‘yoga.
Mehr nuri olamga
Mangulikni baxsh etdi.
Nyuton shu mehrdan
Buyuk qonun kashf etdi.