Bir joyda 50 ta to‘y
Muborak Ramazon oyi oldidan o‘zgalar yordamiga muhtoj, ko‘ngli o‘ksik shaxslarga mehr-oqibat ko‘rsatish maqsadida Urgut tumanida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Tuman hokimligi hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning 49 nafar farzandining xatna to‘yi hamda Abdulla Rahmonov va Barno G‘aniyevaning nikoh to‘yi o‘tkazib berildi. Marosimda to‘ybolalar va kelin-kuyovning yaqinlari bilan birga viloyat hamda Urgut tumani hokimliklari mas’ullari ishtirok etib, to‘y sohiblarini qutladi.
- To‘rt nafar farzandim bor, uch qiz, bir o‘g‘il, - deydi Mo‘g‘ol mahallasida yashovchi Nargiza Eshmurodova. – Turmush o‘rtog‘im xastalik tufayli vafot etgach, ro‘zg‘or tebratish, to‘rt bolani parvarishlash oson bo‘lmayapti. O‘g‘lim Dilbekning xatna to‘yini o‘tkazishni o‘ylashga ham imkonim bo‘lgani yo‘q edi. Saxovatpesha insonlar ko‘magi bilan to‘y qilish nasib etganidan xursandmiz. Bugun to‘y dasturxonida o‘tirib, niyat qildim: mening o‘g‘lim ham ana shunday insonlarday tadbirkor, saxovatpesha bo‘lib voyaga yetsin!
To‘y davomida kelin-kuyov va xatna to‘ylari o‘tkazilayotgan bolajonlarga homiylarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Alisher Isroilov.