“Bir kamar, bir yo‘l”: Samarqandlik fermer va tadbirkorlar Xitoyda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada ishtirok etyapti
Xabar qilganimizdek, shu kunlarda Samarqand viloyati hokimligi va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Xitoyning bir qator provinsiyalarida bo‘lib turibdi.
Xususan, bugun viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev va viloyatimizning fermer va tadbirkorlari “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida poliz va sabzavot sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada qatnashdi.
Ta’kidlash lozimki, oxirgi uch yil ichida Samarqand viloyatining Xitoy davlati hududlari bilan tovar aylanmasi qariyb 3 barobarga yoki 170 foizga oshdi. Jumladan, 2023 yil yakuni bilan 703,9 mln dollarni tashkil etdi. Xitoy davlatidan Samarqand viloyatiga kiritilgan xorijiy investitsiyalar esa qariyb 4 barobarga yoki 292 foizga oshdi (2023 yil yakuni bilan 393,6 mln dollar).
Sir emas, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 1,2 mlrd. tonnadan ortiq sabzavotlar mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lib, bu Osiyo davlatlari bo‘yicha – 898,2 mln. tonna, Afrika davlatlari bo‘yicha – 85,2 mln tonna, Yevropa davlatlari bo‘yicha – 84,6 mln tonna, Amerika qit’asi bo‘yicha – 77,4 mln tonna va Okeaniya davlatlari bo‘yicha esa 3,2 mln tonnani tashkil etgan. Respublikamizda esa yiliga o‘rtacha 8,5 mln tonnaga yaqin sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.
Ko‘rgazmada Sh.Xudoyberdiyev Samarqandda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq ma’lumot va taqdimotlar asosida so‘zga chiqdi.
- Bugungi tashrifimizdan maqsad hududlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, - dedi vilohya hokimi o‘rinbosari. - Samarqand viloyati to‘g‘risida qisqacha gapiradigan bo‘lsam, hudud Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi hisoblanib, bugungi kunda o‘zining iqtisodiy salohiyati va mavjud tabiiy resurslari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin egallaydi.
Samarqandda xorijiy investorlarga investitsiya va qo‘shma biznesni rivojlantirish uchun maxsus qulay investitsiya muhiti va infratuzilma yaratilgan. Xususan, biz xitoylik tadbirkorlar bilan logistika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz.
Hozirgi kunda Toyloq, Samarqand, Jomboy, Bulung‘ur va Oqdaryo tumanlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan. Viloyatimizda 40 dan ortiq sabzavot ekin turlari ekilib, foydalanilayotgan bo‘lsa-da, dunyoda inson salomatligi uchun qimmatli xususiyatlarga ega bo‘lgan, xalqimiz kam iste’mol qiladigan va dehqonlarimiz tomonidan juda kam yetishtiriladigan noan’anaviy sabzavot o‘simliklarini introduksiya qilish, ularning oziq-ovqat va dorivorlik xususiyatlaridan yanada to‘laroq foydalanish, xomashyo asosida tabiiy sabzavot va doridarmonlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirda noan’anaviy sabzavot ekinlaridan – sparja, bamiya, mangold, artishok, batat, Bryussel karami kabilarni viloyatimiz tuproq-iqlim sharoitida yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqilib, ulardan olingan mahsulotlar ichki bozorga sotish bilan birga xorijga ham eksport qilinmoqda.