Bir kunda PZR-testi bilan yurtimizga kirgan 151 nafar fuqaroda virus aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent xalqaro aeroporti"da koronavirusga test topshirish jarayonida fuqarolar orasida norozilik holatlari paydo bo‘lgani haqida videolavha tarqaldi.

Bu holatning yuzaga kelishiga nima sabab bo‘ldi? Fuqarolar nimadan norozilik bildirdi? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati holatga munosabat bildirdi.

Guvoh bo‘lib turganimizdek, koronavirusning yangi shtammi – SARS-CoV-2: B.1.1.529. (Omisron) varianti dunyo bo‘ylab tez sur’atlarda tarqalmoqda va yurtimizda ham qayd etilib, oxirgi 10 kun davomida kasallanish holatlari 8 barobarga oshdi.

Omisron shtammining dunyoda tez tarqalayotgani munosabati bilan AQSh, Daniya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Isroil, Niderlandiya, Fransiya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlarda qo‘shimcha karantin cheklovlari joriy etildi.

Mavjud xavfning oldini olish maqsadida yurtimizda ham chegara kesib o‘tish joylarida fuqarolar tashrif buyurishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR-test bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari hamda xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari belgilandi.

Shu yil 15 yanvar kuni Toshkent shahriga uchib kelgan 3 801 nafar fuqarodan ham test sinamalari olingan.

Ularning barchasida manfiy PZR-testi bo‘lganligiga qaramasdan 67 nafarida musbat natija aniqlangan.

Yurtimizdagi barcha chegara punktlari orqali shu kuni 15 041 nafar fuqaro o‘tgan. Ulardan 151 nafarida koronavirusda musbat natija aniqlangan.

Qo‘lida kasallikdan forig‘ligi haqida ma’lumoti bo‘lgan fuqarolar “Nega yana qayta ekspress test topshirishim kerak?” deb o‘ylashlari tabiiy. Lekin ko‘rib turganingizdek, PZR test topshirgan insonlarda ham virus aniqlanmoqda. Bu esa kasallik yanada “ayyorlashib”, yashirin ko‘rinishga kirib borayotganidan dalolat.

Bunday holatda yurtimizga kirib keluvchi har bir fuqaroni koronavirusga eksperss-antigen test topshirtirib qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Kasallik aniqlangan fuqarolar holatiga ko‘ra uy sharoitida yoki shifoxonada davolanishga yo‘naltirildi. Uy sharoitida davolanishi kerak bo‘lgani uchun har bir fuqaroga aeroportning o‘zida bepul 4 xildagi dori-darmon berilmoqda.

Ekspress test narxi 5 AQSh dollari ekvivalentida belgilangan bo‘lib, bu dunyo ko‘rsatkichlariga nisbatan eng arzon narxdir. Shuningdek, test topshirish jarayonida talabalik guvohnomasini taqdim etgan talabalarga 50 foiz chegirma beriladi. I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun testlar bepul. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardan test olinmaydi. Bu tadbirlardan maqsad aholining salomatligini saqlash ishlarini samarali tashkil etishdir.

Vaqtincha joriy etilgan bu tartib koronavirus infeksiyasini yuqtirgan fuqarolarni tezkor aniqlash, davolash va infeksiya tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.

Shuning uchun, yurtdoshlarimizdan mazkur chora-tadbirlarni to‘g‘ri qabul qilib, o‘z fuqarolik burchini anglab, mamlakatimiz hududida koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini ko‘tarilmasligi uchun hissa qo‘shishlarini so‘rab qolamiz.