Bir necha o‘n yil ichida tugashi mumkin bo‘lgan oddiy narsalar
50-100 yil oldin ilmiy-fantastik kitoblarda bir-birlari bilan uzoqdan turib gaplashish va ko‘rish imkoniyatini beradigan qurilmalar, shuningdek, signallar uzatuvchi kosmik yo‘ldoshlar tavsiflanar edi. O‘shanda hech kim bularning barchasi haqiqatga aylanadi, deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Hozir bizda uyali telefon, internet, kvadrokopter va mikroto‘lqinli pechlar bor – bularning barchasi bizning kundalik hayotimizga aylanib qolgan.
AdMe.ru sayti 20 yil ichida bizni nima kutayotganini oldindan aytib bera olmasa-da, kundalik faoliyatimizda ishlatib yurgan qaysi buyum va manbalar tugab borishi yoki qaysi xizmat turlaridan foydalanmay qolishimiz to‘g‘risida xabar yozgan.
Plastik kamayadi
Plastmassa suv idishlari va chiqindi qutilari uzoq turmaydi. Hozirda makkajo‘xori kraxmali va suv qorishmasidan tayyorlangan biologik parchalanadigan butilkalar va chiqindi qutilari mavjud. Ularni ishlab chiqarish hali ancha qimmat, ammo bu yo‘nalish rivojlanib bormoqda va 20 yil ichida biz plastik suv idishlarini o‘tgan g‘alati hodisa sifatida eslaymiz.
Simlar
Telefon batareyasi zaryadi tugab qolsa, hech bo‘lmaganda asablanamiz. Muammo shu qadar keng tarqalganki, ba’zi kompaniyalar bu masalani jiddiy qabul qildilar va ularning dastlabki qadamlari tez orada biz telefon simlariga o‘ralib qolishimizdan to‘xtatadi, degan ishonchni kuchaytiradi. Reja simsiz zaryadlovchi qurilmalarni hamma joyda ishlab chiqarish va telefonlarni istagan joyda va simsiz quvvatlantirishdir.
Oltin
Sayyoramizda oltinning cheklangan zaxiralari mavjud, shuning uchun ushbu tabiiy resursning kamayish ehtimoli juda yuqori. AQSh geologiya xizmati yer ostida hanuzgacha ushbu metallning 50 ming tonnasi borligini taxmin qilmoqda. Har yili taxminan 2,5-3 ming tonna oltin qazib olinadi, shuning uchun mutaxassislar zaxiralar 17 yilga yetar-yetmas ahvolda qolganligidan xavotirda.
Do‘konlar
Ehtimol do‘konga jismonan borishga bo‘lgan ehtiyoj vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi, shuning uchun oddiy do‘konlar qolmaydi. Biroq, ko‘pchilik mahsulotni sotib olishdan oldin unga teginishni yaxshi ko‘rishi sababli mahsulotni sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan maxsus zonalar yaratiladi.
Bundan tashqari, do‘konga kirish joyidagi skanerlar yuzlarni tanib qoladi va har bir kirgan kishi uchun alohida xaridlar ro‘yxatini tuzadi. Bu virtual sotuvchilarga xaridorning didiga mos mahsulotlarni taklif qilishlariga imkon beradi. To‘lov bo‘lmaydi: xaridlar uchun to‘lov do‘kondan chiqishda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Pochta bo‘limlari
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida pochta aloqasi xizmati o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Ularning aksariyati ziyon ko‘rib ishlamoqda: odamlar bir necha o‘n yillar davomida bir-birlariga qog‘oz xat jo‘natishni to‘xtatdilar. Kurer xizmatlari posilkalar bilan ishlashda ancha faol. Barcha muhim va kerakli xabarlar elektron pochta orqali jo‘natilyapti. Shu sababli pochtaning rivojlanish istiqboli tijoriy raqiblari bilan raqobatlashish uchun juda kam imkoniyatga ega.
Tirbandliklar
Bunga ishonish qiyin, hatto texnologiyalar yaqin kelajakda tirbandliklar bo‘lmasligiga ishora qilmoqda. Vaqt o‘tishi bilan avtomobillarga sun’iy intellekt o‘rnatiladi va ularning soni minimal darajaga tushiriladi. Kompyuter yo‘lda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha vaziyatlarni hisoblab chiqadi. Agar biron bir joyda avtoulovlarning tirbandligi paydo bo‘lsa, real vaqtda ishlab turgan yagona kompyuter tizimi svetoforlarning ishini to‘g‘rilaydi va tirbandlik paydo bo‘lishidan oldin tarqalib ketadi.
Antibiotiklar
Antibiotiklar ixtiro qilinganidan beri shu qadar tez ishlatilib kelinadiki, natijada ba’zi kasalliklar ularga chidamli bo‘lib qoldi. Keyingi 10-20 yil ichida antibiotiklardan foydalanishni sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Yaqin kelajakda ma’lum bir tahdidga qarshi bakteriyalar ishlab chiqiladi. Ya’ni, bemorga infeksiyalarni to‘xtata oladigan antitanachalar qo‘yila boshlanadi.
Biroq olimlar erishmoqchi bo‘lgan asosiy maqsad mikroblarga qarshi kurashishni to‘xtatish va ular bilan tinch yashashni o‘rganishdir.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.