Bir piyola choy atrofida birlashgan madaniyat: Samarqandda “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” III Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi

Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turistik markazida 21 may - Xalqaro choy kuni munosabati bilan tashkil etilgan bu yilgi festival “Choy — hayot sifatini yaxshilash uchun” shiori ostida o‘tkazildi.

Choy iste’mol uchun zarur bo‘lgan dunyodagi eng muhim ekinlardan biri hisoblanadi, 5 ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan bu noyob o‘simlik bugungi kunda ham kishi salomatligida hamda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda muhim o‘rin tutadi. Choyning vatani – Xitoy. 2022 yilda choy ishlab chiqarish va choy damlash bo‘yicha Xitoy an’anaviy texnikasi YuNESKOning nomoddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga kiritildi. Choy Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbekistonliklar uchun oddiy ichimlik bo‘lib qolmasdan, u mamlakatimiz tarixi va madaniyatida ham muhim o‘rin tutadi.

- Festivalning asosiy maqsadi – choy ichish an’analari orqali turli xalqlarni madaniy muloqot maydonida birlashtirishdir, - deydi tadbir tashkilotchilaridan biri, professor Yusuf Abdullayev. - Shuningdek, yoshlarda tarixiy merosga nisbatan qiziqish uyg‘otish va choyni zamonaviy turmush madaniyati bilan uyg‘unlashtirib, mahalliy aholini turli mamlakatlar choy madaniyati bilan tanishtirish, choy marosimlari bilan oshno qilishdan iborat. Zero, choy — bu tinchlik, birlik va ilhom manbai. Har bir xalq uchun u faqat ichimlik emas, balki madaniy yodgorlik, falsafiy timsol va ruhiy aloqa vositasidir.

Festivalda Samarqand xalqaro texnologiya universitetida faoliyat yuritayotgan xorijlik professorlar o‘z yurtlaridagi choy marosimlari, sevimli choy navlari va har bir piyolaga singdirilgan ma’naviy-ruhiy ma’nolar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Talabalar esa “Choy sirlarini kashf eting” nomli interaktiv viktorina, shuningdek, turli xalqlarning ohanglari, raqslari va sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi. Natijada fidokor talabalar jamoasi Xitoy tomonidan taqdim etilgan faxriy diplom bilan taqdirlandi.