Bir qop un 145 ming so‘m. Bu mahalliy 1-navli un uchun belgilangan
Bolajon xalqimizda boshqalardan farqli o‘laroq non va un mahsulotlaridan bo‘lgan mahsulotlar ko‘proq iste’mol qilinadi. Tabiiyki, ichki bozorda unga bo‘lgan talab ancha yuqori hisoblanadi. Balki shuning uchun bu mahsulotning narxi yaqin yillargacha davlat tomonidan nazorat qilib kelingandi.
Bugun esa Rossiya-Ukraina harbiy harakatlari ortidan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari qatori un narxi ham yurtimizda keskin o‘sa boshladi. Shu bois, aprel oyi avvalida davlatimiz rahbari ishtirokida ayni shu masalada videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Narx-navoning asossiz oshib ketishining oldini olish uchun hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Mazkur masalada joylarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Mahsulot o‘zimizda bormi?
Aslida asosiy iste’mol 10 ga yaqin xususiy ishlab chiqaruvchilar va Toshkent viloyatidagi yirik korxonalar tomonidan qoplanadi. Albatta, to‘liq bo‘lmasa-da, bozordagi katta ulushni tashkil etuvchi xususiy sektorda narx oshganligi to‘g‘risida turli gap-so‘zlar yuribdi. To‘g‘ri, ular asosiy xom ashyoni xorij davlatlari, jumladan, Rossiya va Qozog‘iston davlatlaridan keltiradi. Biroq Prezidentimiz chetda keltiriladigan g‘alla masalasida ham yetarlicha zaxira yaratilganini qayd etgandi.
Iste’mol uchun importdan tashqari, oyiga davlat zaxira mahsulotlaridan 14 ming 179 tonna 1-navli un viloyat hududida taqsimlanadi. Xususan, salkam 3 ming tonna (2940 t.) un qolipli non uchun, 1371,5 tonna qayta ishlash korxonalari uchun birja savdolari orqali sotiladi. Shuningdek, ijtimoiy soha korxonalari har oyda 110 tonna, savdo korxonalari esa 9757 tonna un xarid qilishadi. Mushtariylarimizning bildirishlaricha, unning bu navida ham narx oshishi kuzatilgan.
Bu borada telegram kanalimizda so‘rovnoma o‘tkazildi (https://t.me/zarnews_uz/52557). Unga ko‘ra, hududlarda uning narxi keskin ko‘tarilib ketgan. So‘rovnoma ishtirokchilarning 70 foizi “Ha, ancha ko‘tarilib ketdi”, deb javob bergan. 14 foiz ishtirokchi bunga qiziqmaganini bildirgan, 13 foizi esa “Oshdi, lekin biroz” degan (So‘rovnoma davom etyapti).
Narx qancha oshdi?
Bu haqda mas’ullarning aniq ma’lumot olishga harakat qilib ko‘rdik. Viloyat monopoliya boshqarmasi mutasaddilarining bildirishicha, ular un belgilangan grafik asosida birja savdolariga chiqarilishi nazorat qiladi. Bugungi kunda boshqarma mutaxassislarida bu turdagi mahsulot narxini o‘rganish, savdo qoidalarini buzgan tadbirkorga nisbatan qonuniy chora ko‘rish vakolati yo‘q.
Narx masalasida ham so‘rovnoma ishtirokchilari hududlardagi vaziyat haqida aytib o‘tishyapti. Misol uchun, “Samarqandda bir qop un 300 mingdan oshgan, odamlar olgan oyligiga bir qop un olib suvga botirib yeydimi endi”, degan. Boshqa ishtirokchilarga ko‘ra, “ Ishtixon tumanida 1-navli un 250 ming, Paxtachi tumanida 260 ming, Payariq tumanining chekka hududlarida 265 ming so‘m”dan sotilayotgan ekan.
Mutasaddilarning aytishlaricha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 1-navli bir qop uni 140-145 ming so‘mdan sotilishi tavsiya etiladi.
Umuman, narx keskin bo‘lmasa-da oshganini mutasaddilar ham tan olishdi. Turli boshqaruv idoralariga bu haqda kelib tushayotgan murojaatlar va respublika rahbariyatining topshirig‘i bilan masalani o‘rganish uchun ishchi guruhi tuzilgan.
Ma’lum qilishlaricha, ishchi guruhi tarkibiga Monopoliyaga qarshi kurashish, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish, davlat soliq singari boshqarmalardan mutaxassislar jalb qilingan.
Voqealar rivojini kuzatamiz.
Yoqubjon Marqayev.