“Bir so‘z” elliktami?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 31 yil to‘ldi. Ammo o‘zbek tilining bugungi ahvoli haqida qancha gapirsangiz ham kam.

Tilning ijodkori xalq. Biroq uning rivojlanishida olimlar, ijodkorlar va so‘z san’atkorlarining roli katta. Ana shunday daholardan biri o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy bobomizdir.

Rus olimi N.Ilminskiy “Alisher Navoiy ona tili uchun kurashda yagona bahodir jangchi edi” deb yozganida haq edi. Navoiy davrida turk (o‘zbek) tili boy, rangin, jozibali, badiiy bezakdor bo‘lgani shubhasiz. Buning isboti ulug‘ so‘z san’atkorining diltortar g‘azallari, mashhur “Xamsa”si va boshqa asarlari 600 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bugun ham o‘z mavqeini yo‘qotmaganida yaqqol namoyon.

Biroq bugungi kunga kelib, so‘zning sehrli kuchini his qilmaydigan ijodkorlarning asarlari ko‘payib ketdi. Oqibatda o‘quvchilar ham yengil-yelpi kitoblarga o‘rganib qolishdi. Bu kitoblarni o‘qigan yoshlar o‘zbek tilining jozibasini qayerdan ham bilsin!

Shu va shunga o‘xshagan holatlar yuzaga kelishi bilan tilimizga yangi so‘zlar kirib kelyapti, ayrim so‘zlar yo‘qolib, ba’zilarining talaffuzi o‘zgarmoqda. Yaqinda mazkur mavzuga bag‘ishlab “O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan ko‘rsatuvda taniqli olim tilimizning shu ahvolga kelib qolishida barchamiz aybdormiz, dedi. Ammo men boshqacharoq o‘ylayman. Aytaylik, kengliklarda qo‘y boqib yurgan cho‘ponning bu yerda aybi yo‘q. Men bu sohadagi kamchilik ommaviy axborot vositalarida, radio, televideniye hamda xususiy telekanallardagi ba’zi boshlovchilar va chiqish qilayotgan rahbarlar, xodimlarda, deb bilaman. Ularning nutqida sheva alomatlari, chet so‘zlarini qo‘llash, so‘zlarni o‘rinsiz va takror ishlatlash holatlari uchraydi. Masalan, soliq idorasida ishlaydigan bir xodim radiodagi suhbatida ikki-uch jumlada “demak” so‘zini o‘n to‘rt marta takrorladi. “Bir so‘z bilan aytganda” dedi-yu ellikka yaqin so‘z gapirdi. Avvalgilarini aytmayman. Yaqinda tilimizga “debat” so‘zi kirib keldi. To‘g‘risi, bu so‘zni tushunmadim. Mazmuniga qaraganda televideniye olib ko‘rsatgan uchrashuvni bahs, munozara, muhokama, boringki, tortishuv desa ham bo‘larkan. Tilimizning sofligiga putur yetmasligi uchun bunday ko‘rsatuvni o‘zbekona nom bilan atasa ham bo‘ladi-ku.

Adabiy tilimizga bo‘lgan hurmat - to‘g‘ri, ravon va sof o‘zbek tilida so‘zlashimizdir. Inson nutqining ma’nodorligi, tinglovchiga ma’qul bo‘lishi hamda so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llashimiz, kitobga bo‘lgan hurmat va e’tiborimizga bog‘liq.  

Qayum Turg‘on,

Nurobod tumani.