Bir tomoshada uchta rol. Hamroxon aya tavalludining 100 yilligi oldidan
...Mana, oradan yillar o‘tdi. El e’zoziga sazovor bo‘lgan san’atkor Hamroxon Omonova bugun hayot bo‘lganida ibratli umrining yuzinchi bahoriga peshvoz chiqardi. Kattaqo‘rg‘on drama teatri san’atkori Hamroxon Omonova g‘oyat iste’dodli, izlanuvchan, serqirra ijodkor edi.
Hozirgi Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi Qorajon qishlog‘ida dunyoga kelgan qizaloq murg‘akligidayoq ota-onasidan ajraldi. Qo‘limda ustozimiz Hamroxon ayadan esdalik bo‘lib qolgan "Esdaliklar" daftari. Unda shunday jumlalar bor: "Baxtimga yigirmanchi yillarda qo‘shni qishloqda yetim-yesirlar maktabi ochildi. Men yetimning boshini silab, ona o‘rnida onalik qilgan, hamqishlog‘im, mehribon tarbiyachim Jumagul opa Xolmurodovadan bir umr minnatdorman. Sahnaga, san’atga bo‘lgan havas, qiziqishimning oshishida esa ilk sahna murabbiyim Abdurahim aka Bekqulovning nomlarini hurmat bilan eslayman. Shu ustozim tufayli o‘zimning ilk qo‘shiqlarim bilan el orasiga kirib borganman...".
San’atga ixlos uni katta sahnalar tomon chorladi. Ana shu umidda Hamroxon turmush o‘rtog‘i Ahmadjon Madaliyev bilan Kattaqo‘rg‘on shahar kolxoz-sovxoz teatriga ishga kelishdi. Teatrning ahil jamoasi ikkala iste’dod sohibini iliq qarshi oldi. Ammo Kattaqo‘rg‘on teatrida ham sharoit og‘ir edi. San’at dargohining moddiy bazasi zaif, sahna uchun ashyo va matohlar, cholg‘u-asboblari yetishmasdi. Mana shunday taqchil yillarda artistlarning o‘zlari uyma-uy yurib, spektakllarga mos kiyim-kechak yig‘ishardi. Xuddi ana shunday sharoitda Komil Yashinning "Nurxon" musiqali dramasi sahnalashtirildi. Teatr qoshidagi konsert brigadasi tarkibida jozibador ovozi bilan muxlislar orttira boshlagan Hamroxonga shu pesadagi Nurxonning ammasi – Xalcha xola roli topshirildi.
– Xalcha xola roli Hamroxonning ijodiy imkoniyatlari kengligidan dalolat, – degan edi suhbatlarning birida marhum rejissyor Zubaydulla aka Ro‘ziyev. – Hamroxon o‘sha yillari sahnalashtirilgan "Gulsara" musiqali dramasida bir yo‘la uch obraz – Qodirning onasi, Rizvon xola va Otinbuvi rollarini o‘ynagan edi. Bir sahna asarida uch obraz yaratish san’atkordan yuksak mahorat, boy tajriba va zukkolik talab etadi. O‘sha yillari teatrimizda xotin-qiz san’atkorlar barmoq bilan sanarli darajada edi-da!
Elimizning suyukli san’atkori Hamroxon aya Omonova sahnamizda 150 ga yaqin turli-tuman obrazlarni yaratdi va qariyb 50 yil sahnada "yashadi". Hamroxon ayaning sahnamizda yorqin izlari qoldi. Bu izlar o‘chmas izlardir.
Abduaziz HOShIMOV,
respublika teatr ijodkorlari
uyushmasi a’zosi.