Bir xil mehnat, bir xil mashaqqat, ammo ikki xil to‘lov...
O‘zbek tili fanidan dars beruvchi pedagoglar yangi yilni ko‘ngilsiz boshladi. Sababi, 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab umumta’lim maktablarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili o‘qituvchilariga maoshining 50 foizi miqdorida oylik ustama haq to‘lanishi kerak edi. Bu haqda Respublika Prezidenti O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ma’lum qilgandi.
Ammo Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025 yil 1 yanvardan boshlab ona tili va tarix fani o‘qituvchilariga milliy sertifikat uchun 50 foiz ustama to‘lash to‘g‘risida 2024 yil 19 dekabr kuni hududiy maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limlariga ko‘rsatma xat yuborgan. Shundan so‘ng o‘zbek tili o‘qituvchilari bunday taqsimotni adolatsiz deb topib, vazirlik va boshqa tashkilotlarga o‘z noroziligini bildirgan. Hatto ba’zi blogerlar ham ona tili va o‘zbek tilining farqi nimadaligini so‘rab, o‘z kanallariga postlar qo‘ydi.
Aslida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni 12-bandiga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega ona tili va adabiyot hamda tarix fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan. Farmon matniga negadir o‘zbek tili kiritilmagan.
Ammo Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 29 maydagi “Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida o‘zbek tili va adabiyot fanidan olgan sertifikat ona tili va adabiyoti hamda o‘zbek tili (davlat tili) fanidan dars beruvchi pedagoglar uchun bir xil amal qilishi belgilangan. Oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, o‘zbek sinflariga ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan o‘qituvchilar, rus va qardosh tilli sinflarga o‘zbek tilidan dars beradigan o‘qituvchilar milliy sertifikat uchun bir xil imtihon topshirgan. Imtihondan o‘tganlarga milliy sertifikat berilgan.
O‘zbek tili fani o‘qituvchilari bizning saytimizga ham shu masalada murojaat yo‘lladi. Xatda quyidagicha jumlalar bor:
"O‘zbek tili o‘qituvchilari ham ona tili o‘qituvchilari singari to‘lov qildi, ular bilan bir xil test topshirdi. Hatto o‘zbek tili fani o‘qituvchilari uchun biroz murakkab bo‘lgan mumtoz adabiyotga doir testlarni ham ishladi. Vaholanki, test topshirishga kirgan ona tili fani o‘qituvchilarining ko‘pchiligi yetarli ball to‘play olmasa-da, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari o‘z ustida ishlab, oilasidan, farzandlaridan vaqt ajratib, sertifikat olish uchun harakat qildi va maqsadlariga qiyinchilik bilan erishdi.
Shuningdek, o‘qituvchilar o‘zbek tili fanidan ham Milliy sertifikat joriy etilishini so‘rab, bir necha bor vazirlikka, Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat bilan chiqishdi. Lekin mutasaddilar bu murojaatni bee’tibor qoldirib, ona tili fani bo‘yicha joriy etilgan milliy sertifikat imtihonlaridan Rash modeli asosida olingan sertifikatlar ham xuddi ona tili fani o‘qituvchilariga qanday amal qilsa, o‘zbek tili fani o‘qituvchilariga ham bir xil amal qilinishi haqida 2024 yil 29 mayda chiqargan qaror asosida belgilab berishdi. Bugunga kelib esa o‘zbek tili fani o‘qituvchilariga ularning sertifikatiga 34-sonli qaror asosida 20 foiz, ona tili fani o‘qituvchilari xuddi shu sertifikatga 50 foiz miqdorda ustama haqi to‘lanishi haqida aytilmoqda.
O‘zbek sinflarda rus tili fanidan dars o‘tadigan S sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga, rus sinflarida rus tili fanini o‘tadigan va sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga hamda ona tili fanidan sertifikat olgan o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanadi-yu, xuddi shu sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarga esa 20 foiz ustama to‘lanar ekan. Haqiqat qani? Sabab nima, bir xil mehnat, bir xil mashaqqat bo‘lsa-yu, ikki xil to‘lov berilsa?
Zero, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari dars berish jarayonida qiyosiy grammatikaga asoslanadi. Bu fan o‘zbek tili o‘qituvchilaridan ham o‘zbek tili, ham rus tili grammatikasini puxta o‘zlashtirishni talab qiladi. Rusiy zabon o‘quvchilarga o‘zbek tili fani grammatikasi, o‘zbek tilida to‘g‘ri muloqot qilishni o‘rgatish, so‘z boyligini oshirish ancha murakkab jarayon. Shuning uchun nega o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining mehnatlari ona tili, rus tili fani o‘qituvchilari kabi munosib baholanmayapti? Ona tili, rus tili fani o‘qituvchilari oladigan 50 foiz ustamaga ular ham haqli, shular kabi o‘zbek tili fani o‘qituvchilari ham munosib rag‘batlantirilishi kerak", deyiladi xatda.
***
P/S: Xo‘sh, ona tili bilan o‘zbek tilidan milliy sertifikat uchun bir xil test olinsa, o‘qituvchilarga bir xil savollar berilsa, nega endi ularga ikki xil ustama berilyapti? Haqiqatda ham o‘zbek sinflarga ona tili grammatikasini o‘qitishdan ko‘ra, rus va qardosh tillarga o‘zbek tili grammatikasini o‘rgatish qiyin-ku. Qolaversa, milliy sertifikatni ham hamma o‘qituvchi ololmaydi. Biz pedagoglarni sertifikatiga qarab rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yayotgan bo‘lsak, birini ikkinchisidan ajratmasligimiz kerak emasmi? Nazarimizda o‘zga tilli sinflarga davlat tilini o‘rgatayotgan o‘qituvchilar ham 50 foizli ustamaga munosib.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu masalani yana chuqur o‘rganib chiqib, adolatli yechim topadi, degan umiddamiz. Aslida ham bir xil mehnatga ikki xil haq to‘lanmaydi.
X.Ernazarova tayyorladi.