Bir yigitga qirq hunar oz
Bir kuni ko‘p qavatli uylarda yashaydigan tanishim dardini aytib qoldi.
- Tunov kuni yarim kechasi uyqum qochdi, - deydi u. – Chanqagan ekanman, oshxonaga o‘tdim. Jo‘mrakni burab, bir piyola suv oldim. Suvni yopish uchun jo‘mrakni ortga buradim, ammo u hech qotmadi, aylanib ketaverdi. Suv to‘xtamadi. Vannaxonadagi markaziy jo‘mrakdan to‘xtataman deb borsam, u ham ishdan chiqqan ekan. Tunda santexnik chaqirishning ham ilojini topolmadim. Suv ertalabgacha oqib turdi. Xavotirlanib, o‘sha tunni bedor o‘tkazdim.
Bunday holatlar ko‘pgina xonadonlarda uchrab turishi bor gap.
- Bundan bir necha yillar ilgari, suvga hisoblagich o‘rnatilmagan paytlarda vannaxonadagi jo‘mrakdan suv tomchilab turardi, - deydi qo‘shnilarimning biri. – Suv oqishi kundan-kunga ko‘payib borardi. To‘g‘risini aytsam, bir necha oylab shu holatda turdi. Tuzatish qo‘limdan kelmaydi. Santexnik chaqirishga vaqt bo‘lmasdi, vaqt bo‘lganda qunt bo‘lmasdi, har ikkisi ham bo‘lganda, pul bo‘lmasdi. Xullas bahona ko‘p edi. Bir kuni yaqin do‘stim mehmonga kelib qoldi. U oliy ma’lumotli pedagog, bir maktabda rahbar. Vannadagi isrof bo‘layotgan suvni ko‘rib, chidab turolmadi shekilli, birga chiqib, xo‘jalik mollari do‘konidan yangi jo‘mrak sotib olib kelishimizni aytdi. 10 ming so‘m turar ekan. O‘rnatishga esa 5 daqiqa ketdi. Do‘stimning bu ishidan minnatdor bo‘ldim. Ham uyimdagi bir muammoni hal etdi, ham menga buzilgan jo‘mrakni almashtirishni o‘rgatdi.
Ko‘pqavatli uyda yashaydiganlar suv jo‘mraklarini almashtirish, dazmol, elektr pechi yoki boshqa bir maishiy texnikaning uzilgan simini ulab qo‘yish kabi oddiy ishlarni o‘rganib qo‘ysa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Hovlida yashovchilar esa yanayam ko‘proq hunarli bo‘lishi talab etiladi.
- Yoshligimda o‘rgangan hunarlarim orqasidan ro‘zg‘or tebrataman, - deydi do‘stim Akmal Xolboyev. – Maqtanish emas, qishloqda yashasam ham uyimda shahar sharoitini yaratib qo‘yganman. Imorat qurilishida duradgorlikdan tashqari barcha ishda o‘zim bosh usta bo‘lganman. Elektromontyor, santexnika ishlarini ham o‘zim bajarganman.
Akmalning hovlisiga borsangiz, uning qo‘ligul hunarmandligi har qadamda sezilib turadi. Ayniqsa, tomorqasini tomosha qilib, zavqlanasiz. Jo‘yaklar xuddi chizg‘ich yordamida olingandek.
- Tomorqada mehnat qilish uchun ham qobiliyat kerak, - deydi u kulib. - Musavvirlik qobiliyati. Aytadilarku, har qanday kishida 1 foiz iste’dod bo‘ladi, qolgan 99 foiziga mehnat, harakat orqali erishiladi. Otamdan, akalarimdan o‘rganganlarimni bugungi kunda farzandlarimga, ukalarimga o‘rgatib kelyapman.
To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham ro‘zg‘orda uchrab turadigan bu kabi yumushlarni bajarishni o‘rganib qo‘yishim va farzandlarimga ham o‘rgatishim kerakligini angladim.
To‘lqin SIDDIQOV.