Bir yilda 10 mingta murojaat
Sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar nega ko‘p?
Ochig‘i, biz avvaliga Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyati kengashi va quyi kasaba uyushmalari tomonidan har oyda o‘rtacha 900 tadan ziyod murojaat o‘rganilganiga ishonqaramadik. Ammo bu gap rost bo‘lib chiqdi.
– Tizim kasaba uyushmalarida qayd etilgan 10837 murojaatning 10235 tasi qanoatlantirildi, – deydi viloyat kengashi mutaxassisi Shahlo Husanova. – 542 ta shikoyat mualliflariga tushuncha va huquqiy maslahatlar berildi, 60 ta murojaat esa taalluqlilik darajasiga ko‘ra, rad etildi.
Murojaatlar tahliliga nazar tashlab, sohada ishga bog‘liq xatoliklar rostdan ham ko‘pligini payqadik. Kasaba uyushmalari esa bu muammolarni imkon qadar bartaraf etishga harakat qilmoqda. Ularning aralashuvi bilan lavozimidan nohaq bo‘shatilgan, homiladorlik ta’tilidan keyin o‘z ish o‘rniga qayta olinmagan 700 nafar xodimning huquqi tiklandi. Mehnat qonunlari buzilishiga doir 36 holatda sudga da’vo arizalari kiritildi. 32 nafar xodimning manfaatlari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar yordamida tiklandi.
Mehnat huquqlariga putur yetgan, majburan ishsiz qoldirilgan 121 nafar xodimga 126 million so‘m miqdoridagi mehnat haqlari undirib berildi.
Samarqand shahar markaziy poliklinikasi hamshirasi Surayyo Shakarova ham nohaqlikka uchraganlardan biri. Chorak asrlik mehnat stajiga ega bu ayoldan rahbariyat poliklinika yopildi, degan bahonada ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdirib oladi. Keyinchalik uni 8-oilaviy poliklinikaga yarim stavka ishga qabul qiladi. Nohaqlikka chidolmagan hamshira tarmoq kasaba uyushmasiga najot istab keldi. Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida uning muammosi ijobiy yechim topdi.
– O‘tgan yilning so‘nggi sakkiz oyi mobaynida bevosita mehnat inspeksiyasiga turli yo‘nalishlarga doir 46 ta murojaat kelib tushdi, – deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektori Abdunabi Tursunov. – Barcha murojaatlar tegishli ravishda qanoatlantirildi. 6 holatda xodimlarning jami 8 million 324 ming so‘mlik ish haqlari undirib berildi. Past Darg‘om tumani tibbiyot bo‘limi xodimi Z.To‘rayevaning manfaatlarini uch marta sudda himoya qildik. Pirovardida adolat qaror topdi.
Nurilla Shamsiyev.