Bir yilda Samarqandda 5 046 nafar yosh tadbirkorlikni boshladi

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi asosida bu yil viloyatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 726 nafar yosh oila uy-joy bilan ta’minlandi, 791 nafar talabaning to‘lov-kontrakt puli to‘lab berildi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 18 804 nafar yoshlarga 30,5 mlrd. so‘mlik yordam ko‘rsatilib, ularning 16 087 nafari ishga joylashdi, 5 046 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 21 ming nafardan ortiq yigit-qiz doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratildi.

Tibbiyot sohasida ham quvonarli natijalarga erishildi. Bu yil ilk bor viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Shu paytgacha o‘ndan ortiq bemor jarrohlik yo‘li bilan salomatligini tikladi.

Viloyat kardiologiya markazida mingdan ortiq bemor yuragida operatsiyalar bajarilib, nogironlik oldi olindi.

Xuddi shunday o‘zgarishlar tuman-shahar tibbiyot birlashmalarida ham amalga oshirildi. Respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy muassasalar 28,3 mlrd. so‘mlik zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlandi. Misol uchun, Samarqand shahridagi 2-oilaviy poliklinikaga qiymati 1 mlrd. 422 mln. so‘m bo‘lgan mammografiya uskunasi olib kelinib, ayollarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklarini erta aniqlash yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Konstitutsiya qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan tabrigida aytib o‘tdi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.