Bir yilda tashkilot va korxonalarda mehnat sohasiga oid 52 530 ta qonunbuzilish holati aniqlangan: eng ko‘p holat — mehnat haqi to‘lamaslik

Bu haqda AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Davlat mehnat inspeksiyasiga 2021 yil davomida mehnat munosabatlariga oid jami 24 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qonunbuzilish holatlarining eng katta ulushi ish haqini to‘lamaslik (12,31 %) bilan bog‘liq.

Paxta mavsumida majburiy mehnat va mehnat huquqlari buzilishiga oid 146 ta murojaat kelib tushgan, bu bo‘yicha 65 ta mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Mehnat muhofazasi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishiga oid 19 967 ta holat aniqlangan bo‘lib, 1970 ta aybdor shaxsga 3 mlrd 340 mln. so‘m jarima qo‘llanilgan.

Shundan, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar (810 ta) natijasida 907 kishi jarohatlangan, ulardan 238 nafari halok bo‘lgan. Mazkur baxtsiz hodisalar bo‘yicha 596 ta mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 199 ta mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.