…Birdan sevib qolish mumkin bahorni
Bugun tug‘ilgan kun
Bektemir Pirnafasov 1975 yil 10 avgustda Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Kavobi qishlog‘ida tug‘ilgan.
1998 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Bir necha yil davomida O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, so‘ngra "Jahon" matbuot agentligida faoliyat yuritgan.
«Tong yoqasi» (1996) nomli she’riy kitobi nashr etilgan.
* * *
Ketayapman xiyobon bo‘ylab
Nigohimda parishon yellar.
Tongta qadar visolni o‘ylab
Atrofimda qizargan gullar.
Nafasimdan titragan maysa
Chehrasida toblanar gulob.
Shivirlar to‘kilar g‘amgin: —
Sog‘inchlar — men ko‘nikkan azob…
Olislarga chirmashar nigoh,
Xayolimda dunyodan gina –
Bu dunyodan maysalar kabi
O‘tib ketsam, indamaygina…
* * *
Nigohimda ezilgan so‘qmoq
Olislarga tutashib ketgan.
Kimsasizlik hokim xiyobon
Barcha tovushlarni unutgan.
Qo‘zg‘aladi qadamdan cho‘chib
Atrofimda za’faron sharpa.
Besarishta kezinar ko‘ngil
Go‘yo endi oxirgi marta…
Arguvonlar chaqirar shamol,
Teraklar yo‘l ko‘rsatar oyga.
Ovozini yashirib jimlik
Yuzlarini yuvadi soyda.
Mag‘rur xazonlarni telba yel
Suvga cho‘kkan tunga botirar.
Derazadan kuzatar meni
Sochlari oqargan xotira…
* * *
Hamal yelkasida kulgan beqasam
Yoylarda manzilim ko‘zlagan istak:
Ruhim kiyimidan varraklar yasab,
Vujudimni suvga oqizar asta.
Yashil yalangliklar bag‘rida chopgan
Dasht – yo‘lda tomiri adadsiz so‘qmoq.
Olib borar adir ustini yopgan
Qari daraxtlarga ma’suma yaproq.
Moviy iztiroblar – yodim o‘zani –
Oyni cho‘miltirar telba buloqlar.
Qaldirg‘ochlar cho‘qib ochar ko‘zimni,
Tinglashim qaytarar ho‘l qaldiroqlar.
Iymon keltiradi shomu saharga
Qora xarsanglardan taralgan nurlar…
…Birdan sevib qolish mumkin bahorni,
Kuzni esa sevib bo‘lmaydi birdan…