Birinchi aprel hazil kunimi yoki yolg‘onga qarshi kurashish kuni?

Savolga javob topishdan avval hozirgi kunda 1 aprelning qanday kun deb atalishi to‘g‘risida internet sahifalarida berilgan ba’zi ma’lumotlardan iqtibos keltirmoqchimiz.

«Hozir Ovro‘pada nishonlanayotgan birinchi aprel kuni odamlarning bir-birini aldashidan boshlangan».

«1 aprel – aldash va laqillatish kuni munosabati bilan tanlov e’lon qilaman».

«1 aprel kuni dunyoning bir qator mamlakatlarida Kulgi kuni, Hazil kuni, Aldash kuni nishonlanadi. Shu kuni yaqin do‘stlar bir-biri bilan hazillashadilar».

«1 aprel kuni bir marta bo‘lsa ham jilmayib qo‘ymaydigan odam topilmasa kerak. Birinchi aprel bir-biriga haddi sig‘adigan, qalbi pok insonlarning bayrami».

«1 aprel – ahmoqlar kuni».

"1 aprelda «ommaviy qirg‘in, bir din vakillarini qatliom qilish kuni». Ovro‘padagi ba’zi imperatorlarning ko‘r-ko‘rona qilgan ishlari va tadbirlarini yashirish maqsadida 1 aprelga asos solingan va bu milodiy XVI asrdan boshlangan.

Mazkur iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, bu kunning qandaydir nom bilan atalishi yoki bayram qilinishida hech qanday xayr yo‘q. Chunki bu kunda shariatimizda man etilgan bir qancha ma’naviy va moddiy jinoyatlar sodir etiladi, ammo bu illatlar hazil, kulgi niqobi ostida amalga oshiriladi. Shuning uchun ham buni sodir etayotganlar ham, bundan jabr ko‘rayotganlar ham go‘yoki bir-biridan xafa bo‘lmaydi. Lekin inson gunohkor bo‘lishi uchun birovni xafa qilishi shart emas, balki shariat gunoh deb baholagan ishni qilishning o‘zi kifoya. Keling, mazkur kunda qanday gunohlar sodir etilishini o‘rganib chiqaylik.

Avvalo, bu «bayram»ning nomidanoq ko‘rinib turibdiki, 1 aprel – aldash kuni. Aldash – yolg‘onchilik, kazzoblik, firibgarlik degan ma’nolarni o‘z ichiga oladi. Yolg‘on esa shariatimizda qat’iy harom qilingan. Uning harom ekani oyatlarda, hadisi shariflarda o‘z ifodasini topgan.

«Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar – yolg‘onchilardir» (Nahl surasi, 105-oyat).

Allohning oyatlariga iymon keltiradiganlar mo‘min-musulmonlardir. Ular hech qachon yolg‘on gapirmaydilar. Yolg‘on to‘qish esa Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlarning eng yorqin alomatlaridan biridir.

Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Mo‘min odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashgan edi «Yo‘q!» dedilar». (Imom Molik rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharif yuqoridagi oyati karimaning ma’nolarini yanada ta’kidlab, quvvatlab kelyapti. Mazkur ma’no yanada tushunarli bo‘lishi uchun bu hadis savol-javob tariqasida vorid bo‘lgan. Demak, mo‘minda ham ba’zi illatlar bo‘lishi mumkin ekan, lekin illatlarning eng yomoni bo‘lmish yolg‘onchilik hech qachon mo‘minda bo‘lmasligi kerak. Aks holda uning iymoniga putur yetadi.

Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar».

Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun 1 aprel kunida bo‘ladigan ba’zi bir hazillardan misol keltiramiz.

Bir necha ulfatlar choyxonaga to‘planib, dasturxon atrofida maishat qilibdi. Ziyofat oxiriga yetib, hamma uy-uyiga ketish uchun choyxonadan chiqib, ulovining oldiga kelibdi. Ulardan biri ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ulovi qo‘ygan joyida yo‘q ekan. Uning xursandchiligidan asar ham qolmabdi. Rangi oqarib, tili kalimaga kelmay qolibdi. Nima qilishini bilmay tursa, ulfatlari unga hamdarddek atrofida tizilib turaverishibdi. Hamma hayron. Jabrdiyda odamning asabi buzilib, mazasi qochibdi. Vaziyat borgan sari chigallasha boshlabdi. Biror jiddiy fojia ro‘y berishidan qo‘rqqan ulfatlar do‘stini xotirjamlikka chaqirib, ulovini narigi mahalladagi bir ko‘chaga yashirib qo‘yganini aytib, «Bu 1 aprel hazili edi» deb, uning ustidan miriqib kulishibdi.

Boshqa biri esa uloviga minib, o‘t oldirgach, rulni ushlasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, rulga kattagina olachipor ilon o‘rab qo‘yilgan ekan. Bechora qo‘rqqanidan yuragi yorilib o‘lishiga bir bahya qolibdi. Ulfatlar esa uni ham masxara qilib, rosa kulishibdi.

Boshqa bir ulfatlar yanada boshqacharoq hazil o‘ylab topishibdi. Ulfatlardan birining ayoliga telefon qilib, uning eri jazmani bilan falon joyda kayf-safo qilayotgani to‘g‘risida yolg‘ondan xabar beradi. Rashk o‘tida kuygan ayolning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay, aytilgan manzilga bir ahvolda yetib kelibdi. U yerdagi manzara qanday bo‘lganini tasavvur qilavering.

Ulfatlarning ichida uch-to‘rtta do‘koni bor tijoratchi ham bor ekan. U oilasi bilan kechki ovqatni yeb, xotirjam o‘tirgan paytda to‘satdan telefoni jiringlab qoladi. Ulfatlaridan biri tashvishli ohangda unga o‘ta sovuq xabar yetkazadi: «Do‘koningni tekshiruv bosdi! Mol-mulkingni musodara qilishyapti! Sen nima qilib o‘tiribsan, tezlik bilan yetib kelib, ishni joyida «yopdi-yopdi» qilmasang, ishing gazak olar ekan!». U bechora esa og‘zidagi taomini yutish-yutmaslikni ham bilmay, oyoq kiyimini ham kiyar-kiymas, mashinaga o‘tirib do‘koni tomonga yeldek uchib ketadi. Bunday holatlarda yo‘lning o‘zidayoq biror fojia bo‘lmaydi deb kim kafolat bera oladi? Yoki ulfatlar ichida shunga o‘xshash hazillar bo‘lmaydi deb kim ayta oladi?

Endi o‘zingiz ayting, shuncha illatlarni o‘zida mujassam etgan «bayram»ni yaxshi kayfiyat bilan nishonlash mumkinmi?

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ustiga asal surtilgan zaharga o‘xshash bu «bayram»da tilga tegishli bo‘lgan barcha jinoyatlar sodir etiladi va bu oddiy hol deb qabul qilinadi. Yuqorida ularning hammasini birma-bir keltirmadik, aql egalariga eslatma va ogohlantirish bo‘lsin, deya bir necha misollar keltirdik, xolos.

1 aprelni aldov va hazil kuni deb nishonlagandan ko‘ra «Yolg‘onga qarshi kurash kuni» deb e’lon qilsak ma’qul bo‘lardi.

 Ishoqjon domla Muhammadjon o‘g‘li.