Birinchi Islom san’ati biyennalesida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondi ashyolari ham namoyish etilmoqda
Yaqinda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 2023 yilning 23 apreliga qadar davom etadigan birinchi Islom san’ati biyennalesining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Biyennaleda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistonning boy Islom madaniyatini xalqaro jamoatchilikka keng yoritib beruvchi 17 ta noyob muzey ashyolari namoyish etilmoqda. Ularning to‘rt donasi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi eksponatlari hisoblanadi. Ashyolarning bir donasi metall va uch donasi sopol idishlardan iborat.
Markazida sfinks aks ettirilgan dumaloq shaklli bronza patnis muzey-qo‘riqxonadan olib borilgan yagona metall eksponatdir. Patnis markazida aks ettirilgan sfinks Qadimgi Misr va Yunoniston turmushida keng qo‘llanilgan mavjudot, odam boshli qanotli sherdir. Patnisda sfinks tasviri bo‘lishi miloddan avvalgi III asrdan boshlab O‘rta Osiyoda yunon madaniyatining yoyilishi, shuningdek, Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy almashinuvning natijasidir. Shunga o‘xshash patnislar xuddi shu vaqtlarda Xurosonda keng ishlab chiqarilgan, ular ko‘pincha kumush bezakka ega bo‘lgan. XII asrga taalluqli bo‘lgan ushbu patnis esa Samarqandda tayyorlanganligi bilan diqqatga sazovordir.
Biyennaleda namoyish etilayotgan konussimon idish kulolchilik charxida ishlangan. Oq rangli fonga jigarrang slip (rangli suyuq loy) bilan bezak berilgan. Kosa X asrda Afrosiyobda ishlangan.
Navbatdagi ashyo halqa tutqichli ko‘za bo‘lib, sirlanmagan bo‘lsa-da, kulol charxida yuqori mahorat bilan o‘yib ishlangan va yaxshi pishirilgan. Ko‘za sirti ehtiyotkorlik bilan sayqallangan, shundan so‘ng unga baliq, yarim oy va gulli bezakli dumaloq medalon shaklida relef qoplamasi ishlangan. Islom mamlakatlari madaniyatida baliq va yarim oy xayrli ramz hisoblangan. XII asrga taalluqli bo‘lgan ko‘za Samarqandning qadimgi va o‘rta asrlardagi shahri bo‘lgan, Ipak yo‘lidagi muhim savdo bekati hamda hunarmandchilik, jumladan, kulolchilik markazi bo‘lgan Afrosiyob xarobalaridan topilgan.
Biyennaleda namoyish etilayotgan yana bir ko‘zaning sharsimon tanasi oq loydan kulol charxida o‘yib ishlangan. Ko‘za tanasining yuqori qismiga suls yozuvida bo‘rtma uslubda arab tilida “Adolat - kelajak poydevoridir” mazmunli yozuv bitilgan. Ko‘za Samarqandda ishlangan bo‘lib, XI-XII asrga oiddir. Bu paytda butun Islom olamida sirlangan kulolchilikning innovatsion texnikasi va dizayni ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, turli sirlanmagan kulolchilik buyumlari ham ishlab chiqarilgan. Bunday buyumlarning ba’zilarida o‘yma naqshlar, kalligrafik va figurali dizaynlar mavjud.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.