Birinchi o‘qituvchim ibrati

“Alifbo”ning ilk harflarini o‘rgatgan, “Vatan” so‘zining muqaddas ma’nosini singdirgan, mehnatning qadrini tushuntirgan ustoz naqadar ulug‘ zot!
Uning saboqlari shunchaki bilim emas, balki umrga dars bo‘lib qoladi. Qo‘llari bilan yozilgan har bir harf esa kelajakka yo‘l ochadi. Har bir inson hayotida ana shunday unutilmas iz qoldiradigan, kelajak yo‘lini yorituvchi hamda kelajakka ilk qadam qo‘yishga undovchi zot bo‘ladi. Bu zot - birinchi ustoz, ya’ni muallimdir.
Bilasizmi, har bir insonning hayotida unutilmas lahzalar bo‘ladi. Men uchun ana shunday lahzalardan biri – maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan kunim edi. Yodimda, o‘sha kuni juda hayajonda edim. Yangi forma, qo‘limda gullar, bilimlarga to‘la sirli olamga qiziqish bilan boqar edim. Maktabning katta hovlisi, yangi o‘quvchilar va eng muhimi, mening birinchi ustozim… Yodimda, ustozim bizga harflarni o‘rgatishda juda katta mahorat ko‘rsatgan. U har bir harfni qiziqarli hikoyalar bilan bog‘lab, ongimizga singdirar edi. Alifboni o‘rganish biz uchun o‘yin-kulgi bilan o‘tar edi. Ustozimning sabri va mehri tufayli biz tez orada o‘qish va yozishni o‘rganib oldik.
Birinchi ustozning siymosi har bir insonning qalbida muhrlanib qoladi. Uning tabassumi, ovozi, nasihatlari, sabr-toqati, mehribonligi hech qachon unutilmaydi. Uning xotirasi doimo qalbimizda yashaydi va bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi, fidoyiligi esa bizni o‘z kasbimizga sadoqatli bo‘lishga, yosh avlodga bilim berishga, ularni yaxshi insonlar qilib tarbiyalashga undaydi.
Birinchi ustozimni eslash, uning meni har doim yangi bilimlarga, yangi imkoniyatlarga yo‘naltirganini yodga olish, bugungi kunda yanada quvonchli va ahamiyatli bo‘ladi. Uning sabr-toqati, bilimga bo‘lgan mehr-muhabbati va o‘quvchilarga bo‘lgan e’tibori menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Birinchi ustozimning eng katta fazilatlaridan biri, bu uning har bir o‘quvchisini o‘ziga xos, noyob shaxs sifatida qadrlashida edi. U har birimizga o‘z yo‘limizni topishda yordam berar, biror qiyinchilikda yo‘qolmaslikka, balki undan o‘rganishga undar edi. Uning so‘zlaridan har doim ishonch va ilhom topardik, chunki u nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba ham o‘rgatardi.
Bir kuni u menga shunday degan edi: "Insonning eng katta boyligi - bu uning bilimi, mehr-muhabbati va yuksak axloqi". Bu so‘zlar meni hech qachon tark etmaydi. Ustozimning menga bergan bu masalahatlari hayotimda yorituvchi yulduzga aylandi.
Bugungi kunda men bo‘lajak pedagog sifatida faoliyat yurityapman. Men ham kelajakda o‘quvchilarimga birinchi ustozim kabi mehr berishga, ularning qobiliyatlarini rivojlantirishga va o‘ziga bo‘lgan ishonchini uyg‘otishga harakat qilaman.
Har birimiz birinchi ustozimizni doimo yodda saqlaylik, ularga hurmat ko‘rsataylik hamda ularning ibratli hayotlaridan o‘rnak olaylik.
Jasmina Norqulova,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi.