“Birinchi qo‘ng‘iroq” hayajonlari
Kecha viloyatimiz maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Samarqand tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sahni erta tongdan o‘quvchilar, ota-onalar, maktab pedagogik jamoasi, mahalla faollari bilan to‘ldi.
Yangi o‘quv yilining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi, ma’rifat dargohlari jamoasi zimmasiga qo‘yilayotgan vazifalar, o‘qituvchilarning burchi xususida gapirib, barchani yangi o‘quv yili mavsumi boshlanishi bilan tabrikladi.
Bu yil maktabga 77 nafar bolakay ilk bor qadam qo‘ydi, - dedi direktor o‘rinbosari Nasiba Xatamova. – Joriy yilda 54 nafar o‘quvchi mazkur dargohni bitirgan bo‘lsa, ulardan 21 nafari talabalik sharafiga sazavor bo‘lishdi.
Bugun umumta’lim maktablaridagi ilk tahsil soati mamlakatimiz mustaqilligi mavzusiga bag‘ishlandi. Ilk dars oldidan maktab rahbariyati mahalla faollari va ichki ishlar xodimlari birinchi sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘a”larini tantanali topshirishdi.
D.Do‘smurodov,
maktabning ijodiy-madaniy
ishlar bo‘yicha targ‘ibotchisi.