Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Birinchi Renessans allomalari” o‘quv qo‘llanmasi chop etildi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Birinchi Renessans allomalari” nomli o‘quv qo‘llanma taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Birinchi Renesans allomalari” o‘quv qo‘llanmasi uchta kitobdan iborat turkumning dastlabkisidir. U Vatanimizning yangi tarixiga dastlabki chizgilar ekanligi bilan ham alohida ahamiyatga ega.

O‘quv qo‘llanmada O‘zbekiston zamini tarixda buyuk Uyg‘onish davrlariga beshik bo‘lgani, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirib bergani qalamga olingan.
- Biz nafaqat yurtimiz, balki dunyo tarixida Birinchi Renessans asoslarini yaratgan allomalarning nomi bilan faxrlanib qolmasdan ularga munosib voris bo‘lishimiz, ularning asarlarini shunchaki sanamasdan hayoti va ilmiy merosini qunt bilan o‘rganishimiz kerak, - dedi tadbirda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov. – Chunki intellektual rivojlangan jamiyat va davlat Uchinchi Renessans poydevorini yanada mustahkam, ajdodlariga xos tarzda qo‘ya oladi.
Shuningdek, universitetda “Milliy g‘oya millat uchun hayot-mamot masalasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

- Bugun ilgari surilayotgan milliy g‘oya asosi sifatli ta’lim va samarali ilm-fanga qurilayotgani bejiz emas, albatta, - dedi universitet rektori Rustam Xolmurodov. – Bu jarayon sifatli ta’lim berish, millatning mudrab yotgan dahosini uyg‘otish bilan amalga oshiriladi. Bunga jamiyatda insonning butun umr ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, ma’rifatli davlat siyosatini yuritish, ongu shuuriga go‘dakligidanoq ziyo olib kirish yordamida erishiladi.
Anjumanda universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmatga SamDU faxriy professori unvoni hamda “Samarqand davlat universitetining 600 yilligi” esdalik nishonini topshirdi.

Behro‘z ShAMSIDDINOV,
SamDU axborot xizmati xodimi.