Birovning haqi. Ma’naviy qashshoqlikdan ehtiyot bo‘laylik

Bozorga bordim yaqinda. Har xil ko‘katlar oldim. Sotuvchi juvon hisoblab, falon so‘m bo‘ladi, dedi. Cho‘ntagimdan pul olib sanagunimcha, sotuvchi “Kechirasiz, amaki, buncha bo‘lar ekan, men rediskani uch mingdan hisoblabman, sizga ikki yarim mingdan beraman devdim”, dedi. Rahmat aytib, keyingi rastaga o‘tdim.

Bodring, pomidor oldim. Sotuvchi ayol qancha bo‘lishini aytdi. Pul uzatdim, sotuvchi pulni sanadi-da, “Amaki, ko‘p beribsiz”, deb, o‘n ming so‘m qaytib berdi.

Bozoriga baraka tilab, yo‘limda davom etdim.

Bu ikki voqea anchagacha xayolimdan ko‘tarilmadi. Birinchisida gap ikki ming so‘m, keyingisida o‘n ming so‘m haqida borardi. Albatta, hozirgi kunda o‘n ikki ming so‘m hech narsa emas. Biroq gap hozir pulning miqdorida emas, sotuvchilarning halolligida, birovning haqidan qo‘rqishida, oxiratda javob berish og‘irligini anglab yetganida.

Birovning haqi...

Yuzaki qaraganda jo‘ngina bir gap. Ammo uning zamirida nihoyatda teran ma’no, juda zalvorli yuk yotibdi. Birovning haqidan qo‘rqish, birovning haqi birovga buyurmasligini, yuqmasligini, aksincha, birovning bir misqoli o‘zining o‘n, balki undan-da ko‘p mablag‘ini surib ketishi mumkinligini, topganida baraka bo‘lmasligini tushunib yetish ma’naviy boylikning, axloqiy yetuklikning, oxiratdan qo‘rqishning belgisidir. Bunday fazilatlarga ega inson birovning bir tiyiniga ham ko‘z olaytirmaydi.

Bugun jamiyatimizda shunday odamlar ko‘pligi, ko‘payib borayotgani kishini quvontiradi. Shular tufayli jamiyat rivojlanishda, hayotimizda, turmushimizda baraka bor.

Ammo, afsuski, tarozining ikkinchi pallasi toshi ham og‘irlashib borayotganday. Boshqacha aytganda, o‘sha insofli, diyonatli, birovning haqidan qo‘rqadigan, oxiratini o‘ylaydiganlar qatori na Xudodan, na qonundan qo‘rqadigan, na bandadan uyaladigan kimsalar safi ham oshib borayotganday tuyuladi. Chunki deyarli har kuni vaqtli matbuotda, radio-televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda turli sohalarda – bolalar bog‘chalaridan tortib ta’limning barcha bo‘g‘inlarida, qurilish, tibbiyot, huquq-tartibot, bank, boshqaruv tizimlarida millionlab, milliardlab pullar talon-toroj qilingani haqida yozilmoqda. Davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda, ammo bu illat urchishi davom etmoqda. Bu holni qanday tushunish, qanaqa izohlash mumkin?! O‘sha talon-toroj qilinayotgan yoki o‘zlashtirilayotgan pullar birovniki, ya’ni, xalqniki-ku. Nahotki, shu xunuk ishga qo‘l urayotganlar birovning haqi birovga buyurmasligini bilmasa yoki davlat o‘z mulkini nazoratsiz tashlab qo‘ymasligini tushunmasa?! Yo‘q, biladi, hammasini biladi, juda yaxshi tushunadi. Faqat nafsini jilovlab ololmaydi. Yetti avlodimni ta’minlab qo‘yaman deb o‘ylaydi shekilli ba’zilar. Tog‘day oltin yig‘sa ham Alloh buyurmasa foydasi yo‘qligini kim bilmaydi? Bunga tarixdan qancha-qancha misollar bor. Dunyoning yarmini egallagan Iskandar Zulqarnayn tobutimda qo‘limni ochib, barmoqlarimni yozib qo‘yinglar, toki u dunyoga hech narsa olib ketishning iloji yo‘qligini odamlar bilsin, deb vasiyat qilgan. Mashhur rus aktyori Yuriy Nikulinning bir gapi bor: “Baxt juda oddiy narsa. Ertalab xotinim bilan qahva ichamiz, nonushta qilamiz. Keyin men ishga ketaman. Sirkka boraman. O‘z ishimni qilaman. Kechqurun uyga kelaman. Xotinim bilan birga ovqatlanamiz. So‘ngra men uxlagani xonamga kirib ketaman. Bo‘ldi...”

Aslida ham shunday emasmi?! Ortiqcha hoyo-havaslaru molu dunyoning nima keragi bor? Farzandlarga deymiz, ularni o‘ylaymiz. Farzandlarimizning bir umrlik ehtiyojini ta’minlab bera olmaymiz. Ularga o‘zini o‘zi ta’minlashni o‘rgatishimiz kerak. Obrazli qilib aytganda, farzandlarimizga baliq berish bilan kifoyalanmasdan, baliq tutishni o‘rgatmog‘imiz zarur...

Nafs quliga aylanib qolayotganlarning asosiy fojiasi, bizningcha, ma’naviy qashshoqligida. Axir, biz ne-ne buyuk zotlarning, dunyoga o‘zining beqiyos ilmi, saxovati, bag‘rikengligi bilan nom qozongan, jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning avlodimiz. Buni sira unutmasligimiz zarur. Iqtisodiy qashshoqlikdan ma’naviy qashshoqlik yomon. Birinchisini qarindosh-urug‘, oshna-og‘ayni yordam bersa bartaraf etish mumkin, ammo ikkinchisini har bir insonning o‘zidan boshqa hech kim tuzata olmaydi. Hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan, pul bilan barcha narsani hal qilish mumkin, deb qaraydiganlar ko‘payib borayotganga o‘xshaydi. Bu xavfli illat, asorati yomon “kasallik”.  Buning oldi olinmasa, bu yondashuv butun jamiyatni ma’naviy qashshoqlikka olib kelishi hech gap emas (Xudo asrasin). Ma’naviy qashshoq odamda yurt tuyg‘usi, uni asrab-avaylash, sevish, qadrini yuksaltirish degan tushunchalar bo‘lmaydi. Shu bois ma’naviyatni yuksaltirish masalasi bilan barcha birday ish olib bormog‘i zarur. Buni davlatimiz rahbari ham alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatini boshlagan ilk kunlardanoq barchadan, birinchi galda turli  darajadagi rahbarlardan avvalo o‘z ma’naviyatini, so‘ng qo‘l ostidagilar ma’naviyatini oshirishni talab qilmoqda. (U kishi mamlakat bosh vaziri bo‘lib ishlagan yillari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratardi). Ushbu masala bo‘yicha qancha farmonlar, qarorlar qabul qilindi. Kitobxonlikni rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Joriy yilning 19 yanvarida Prezidentimiz ushbu masalaga bag‘ishlangan maxsus videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, mutasaddi rahbarlarga, hokimlarga aniq topshiriqlar berdi. 26 mart kuni “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlarni imzoladi. Ushbu qarorga muvofiq, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish, joylarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirish, Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘armaga 120 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 7 apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ham bu boradagi xayrli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Farmon bilan soha vakillariga keng imtiyozlar berildi, moddiy va ma’naviy g‘amxo‘rliklar ko‘rsatildi. Binobarin, aholining ma’naviy olamini boyitishda kino san’atining o‘rni beqiyos ekani barchaga kunday ravshan.

Bunday g‘amxo‘rlik, bunday moddiy yordam, qo‘llab-quvvatlash qachon bo‘lgan?! Endi hamma gap ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan samarali foydalanib, barcha toifadagi aholi madaniyati, ma’rifatini oshirish uchun ta’sirchan choralar ko‘rishda. Toki inson faqat qorin g‘ami bilan yashamasdan, aqlni peshlash, dunyoqarashini kengaytirish, bu dunyoda ma’naviy ozuqa degan narsa ham borligini anglash lozimligini tushunib yetsin. Shunda birovning haqidan qo‘rqadiganlar kamaysa, (ular tamoman yo‘q bo‘lishi qiyin) ajab emas...

Birovning haqidan, Allohdan, oxiratdan qo‘rqadiganlar bor bo‘lsin! Ularning safi kundan-kun kengayib boraversin.

Mamatqul Hazratqulov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.